
Toshkent hamda Navoiy viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Toshkent viloyatidagi holatda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tumanlardan biridagi bo‘limi inspektori fuqaroning ishonchiga kirib, unga davlat zaxirasida bo‘lgan 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini tayyorlab berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u fuqarodan $2,2 ming talab etgan. Inspektor ushbu pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Keyinchalik aniqlanishicha, u olingan mablag‘ning $200 ni o‘z ulushi sifatida olib qolib, qolgan $2 mingni tuman bo‘limi boshlig‘iga berishi kerak bo‘lgan.
Tezkor tadbir davom ettirilganida tuman bo‘limi boshlig‘i $2 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shu tariqa davlat zaxirasidagi yer maydoni va tabiiy chimdan foydalanish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishda noqonuniy pul olish holatiga chek qo‘yildi.
Navoiyda ham

«Navoiy suv ta’minoti» AJning tumanlardan biridagi bo‘limi mashinisti mahalliy fuqaroni mansabdor tanishlari orqali tizimga operator lavozimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga $500 olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘ini undan olayotgan paytda avval sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olindi. Bundan tashqari, ushbu noqonuniy harakatga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namangan va Toshkent viloyatlarida 327 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgani haqida yozgan edi.