
Toshkent shahrida tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyida RRFB tizimi sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil qilish markazi xabar berdi.
Mazkur tizim Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Osiyo koʻchasida oʻrnatilgan. U yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar va yangi turdagi faol yoʻl belgilari bilan uygʻunlashtirilgan. Loyiha Oʻzbekiston yoʻl infratuzilmasida RRFB yondashuvini pilot tartibda joriy etish boʻyicha ilk tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Tizim haydovchilar piyodalar oʻtish joyini istalgan yoʻlakdan va har qanday yoʻnalishdan uzoqdan aniq koʻra olishi uchun ishlab chiqilgan. Ogohlantiruvchi signal chiroqlari yoʻl chetlarida, koʻchaning markaziy qismida hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyada joylashtirilgan. Ularning oʻrnatilish uslubi magistral svetoforlarga yaqin.
Yoʻlning ikki tomonida chaqiruv tugmalari mavjud tayanch ustunlar oʻrnatilgan. Piyoda tugmani bosgandan soʻng ustunlarning yuqori qismidagi yorqin sariq signal chiroqlari darhol ishga tushadi.
Bundan tashqari, «Piyodalar oʻtish joyi» belgisi ham yorugʻlik beruvchi maxsus quti shaklida tayyorlangan. Bu, ayniqsa, tungi vaqtda oʻtish joyining uzoq masofadan yaxshi koʻrinishini ta’minlaydi.
AQSh Federal avtomobil yoʻllari boshqarmasi – FHWA tadqiqotlariga koʻra, RRFB tizimi haydovchilarning piyodalarga yoʻl berish koʻrsatkichini sezilarli oshiradi. Oddiy tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joylarida haydovchilar piyodalarga oʻrtacha 18 – 30 foiz holatda yoʻl bersa, RRFB mayoqlari oʻrnatilgandan keyin bu koʻrsatkich 98 foizgacha yetishi mumkin.
Shuningdek, yorqin signal chiroqlari haydovchiga oʻtish joyini oldindan payqash imkonini beradi. Natijada haydovchilar «zebra»ga yaqinlashmasdan avval tezlikni bosqichma-bosqich pasaytiradi, bu esa soʻnggi lahzada keskin tormoz berish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amir Temur xiyobonida aqlli svetofor va xavfsizlik tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.