
Freedom Holding Corp. Valeriy Kimni moliyaviy direktori (CFO) lavozimiga tayinlaganini e’lon qildi. Bungacha u kompaniyada moliya boʻyicha vitse-prezident lavozimida ishlagan va Freedom Holding Operations LLP shoʻba kompaniyasini boshqarib kelgan.
Kim bu lavozimda 2015-yildan buyon moliyaviy direktor boʻlib ishlab kelgan Yevgeniy Lerning oʻrnini egalladi. Ler esa kompaniyada bosh ijrochi direktor Timur Turlovning maxsus maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Yangi lavozimida u moliyalashtirishni jalb qilish hamda qoʻshilish va qoʻshib olish bitimlari – M&A masalalarini nazorat qiladi.
«Freedom moliyalashtirish boʻyicha yangi imkoniyatlarni oʻrganish va strategik xaridlarni amalga oshirishda davom etar ekan, Yevgeniyning tajribasi kompaniya uchun ham, shaxsan men uchun ham muhim ustunlik boʻladi. Valeriy bu lavozim uchun eng tabiiy tanlovdir. U moliyaviy hisobot, soliq va moliyaviy rejalashtirish funksiyalarimizni deyarli noldan yaratib kengaytirgan. Shu bois u biznesimiz Qozogʻiston, Yevropa va boshqa hududlarda yanada kengayib borar ekan, kompaniyaning moliyaviy blokini boshqarish uchun noyob kompetensiyalarga ega. Bu kadrlar qarori izchillikni ham, jamoamizga boʻlgan ishonchni ham aks ettiradi», – dedi Freedom bosh ijrochi direktori Timur Turlov.
Ma’lumot uchun, Valeriy Kim 37 yoshda. U 2020 – 2024-yillarda Freedom Finance Global PLC moliyaviy direktori lavozimida ishlagan. Freedom Holdingʻga kelishidan oldin Kim Deloitteʼda faoliyat yuritgan.
Eslatib oʻtamiz, Freedom Holding Corp. — Timur Turlov asos solgan xalqaro moliyaviy holding. Kompaniya AQShda roʻyxatdan oʻtgan va NASDAQ birjasida FRHC tikeri ostida savdo qilinadi. Holding 20 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi hamda brokerlik biznesi, bank, sugʻurta kompaniyalari, toʻlov servislar va iste’molchi raqamli mahsulotlarini birlashtiruvchi ekotizimni rivojlantirmoqda. Guruh uchun asosiy bozor Qozogʻiston boʻlib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom yagona brend ostida faoliyat yuritishi haqida xabar bergan edi.