Yangiliklar

Alisher Usmonov Dilbar yaxtasiga egalik qilmaydi — Germaniyada sud qarori

Ushbu masala yuzasidan oltita sud qarori qabul qilingan
Яхта Дильбар
Alisher Usmonov Dilbar yaxtasiga egalik qilmaydi — Germaniyada sud qarori / Foto: Vikipedia

Frankfurt-Mayn ma’muriy sudi Dilbar yaxtasi maqomi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqib, uni rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning mulki yoki uning nazorati ostidagi aktiv deb hisoblash uchun asos yo‘qligini qaror qildi.

Sud Germaniya Federal iqtisodiyot va eksport nazorati boshqarmasi (BAFA)ning yaxtani Yevropa Ittifoqi sanksiyalari doirasida muzlatilgan aktiv sifatida ko‘rib chiqmaslikni tasdiqlashdan bosh tortgan qarorini noqonuniy deb topdi.

Alisher Usmonov matbuot xizmati bayonotiga ko‘ra, ushbu sud qarori Dilbar yaxtasiga egalik masalasidagi har qanday huquqiy noaniqlikni bartaraf etadi hamda 2022-yildan buyon tarqatib kelingan «yashirin nazorat» haqidagi da’volarni rad etadi.

Ma’lum qilinishicha, 2016-yilda The Sister Trust nomli qaytarib bo‘lmaydigan trast tashkil etilgan bo‘lib, unga Dilbar yaxtasi va Burkhan samolyoti kabi oilaviy ahamiyatga ega aktivlar o‘tkazilgan. Tadbirkor vakillariga ko‘ra, ushbu trast mustaqil professional boshqaruvchi tomonidan boshqariladi va Usmonov ham, uning singlisi Gulbahor Ismoilova ham bu aktivlardan foyda olmaydi.

Shuningdek, Germaniya sudlari avval ham Usmonovning Dilbar yaxtasiga egaligi va uni nazorat qilishi haqidagi iddaolarni bir necha bor rad etgan. Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu masalada oltita sud qarori qabul qilingan va ayrim OAVlar o‘z materiallarini o‘chirgan yoki tuzatgan.

Ish materiallariga ko‘ra, 2025-yil aprel oyida Lürssen kemasozlik kompaniyasi BAFAga murojaat qilib, yaxtani muzlatilgan aktiv sifatida ko‘rib chiqmaslikni so‘ragan. Regulyator rad javobi bergach, kompaniya bu qarorni sudda shikoyat qilgan.

2026-yil iyun oyida Frankfurt-Mayn ma’muriy sudi BAFA qarorini noqonuniy deb topib, yaxtani Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi shaxslar mulki sifatida ko‘rib chiqishga asos yo‘qligini belgiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik milliarder Bloomberg reytingida 405-o‘rinni egallagani haqida yozgan edik.