Lifestyle

Bir oy davomida kech uxlash sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi

Birinchi haftada charchoq kuchayadi
Bir oy davomida kech uxlash sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi
Foto: depositphotos

Ko‘pchilik kech uxlashni oddiy odat deb hisoblaydi. Biroq shifokorlarning aytishicha, bunday rejim atigi to‘rt hafta ichida organizm faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Birinchi haftada charchoq kuchayadi

Mutaxassislarga ko‘ra, kechasi soat 23:00 dan keyin uxlashga odatlangan odamlarda birinchi haftaning o‘zida charchoq kuchayishi mumkin.

Bu vaqtda organizmda uyqu gormoni melatonin miqdori kamayadi. Aksincha, stress gormoni hisoblangan kortizol darajasi ortadi. Natijada odamda bezovtalik kuchayishi, ishtaha tez-tez ochilishi mumkin.

Ikkinchi haftada tiklanish sekinlashadi

Ikkinchi haftada organizmda o‘sish gormoni ajralishi kamayadi. Bu mushaklarning tiklanishini sekinlashtiradi. Bolalarda esa jismoniy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Uchinchi haftada miyaga ta’sir qiladi

Uchinchi haftaga kelib kech uxlash miyaning ishlashiga ham ta’sir qila boshlaydi.

Tahlillarga ko‘ra, uyqu yetarli bo‘lmasa, kun davomida yig‘ilgan zararli moddalar miyadan to‘liq chiqarilmaydi. Bu esa miya faoliyatining sustlashishiga olib kelishi mumkin.

To‘rtinchi haftada ishtaha buziladi

To‘rtinchi haftadan boshlab ishtahani boshqaruvchi gormonlar faoliyati izdan chiqishi mumkin.

To‘qlik hissi uchun javob beradigan leptin kamayadi, ochlikni kuchaytiradigan grelin esa ortadi. Shu sababli odam yog‘li va shirin taomlarni ko‘proq iste’mol qilishni xohlashi mumkin. Shuningdek, ichak mikrobiotasi muvozanati ham buzilishi ehtimoli bor.

Rasm: SI / Kursiv Uzbekistan

Uyqu sifatini qanday yaxshilash mumkin

Shifokor Sara Marin Barbell uyqu buzilishining oldini olish uchun bir nechta oddiy tavsiyalarga amal qilishni maslahat beradi.

Avvalo, soat 23:00 gacha uxlashga yotish kerak. Bu melatonin gormoni me’yorida ajralishiga va organizm tiklanishiga yordam beradi.

Yotoqxona haroratini 18 – 20 daraja atrofida saqlash foydali. Xonani qorong‘i qilish ham uyqu sifatini yaxshilaydi.

Uyqudan kamida bir soat oldin telefon, planshet va boshqa elektron qurilmalardan foydalanmaslik tavsiya etiladi. Chunki ekranlardan chiqadigan ko‘k yorug‘lik uyqu gormonlari ajralishini kamaytiradi. Kechki ovqat yengil bo‘lishi va imkon qadar soat 21:00 gacha tugatilishi kerak.

Ayrim holatlarda shifokor tavsiyasi bilan magniy bisglisinati, L-teanin, ashvaganda yoki uzoq ta’sir qiluvchi melatonin kabi qo‘shimchalar qo‘llanishi mumkin. Biroq bunday vositalarni mustaqil qabul qilish tavsiya etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq homilador ayol bir kunda qancha uxlashi kerakligi haqida ma’lumot berilgandi.