Yangiliklar

Davlat organlarida arxiv hujjatlarini elektron saqlash tartibi belgilandi

Arxiv axborot tizimidan davlat organlari operator bilan tuziladigan shartnoma asosida foydalanadi
Tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etiladi
Davlat organlarida arxiv hujjatlarini elektron saqlash tartibi belgilandi / Foto: Hafiza Muxtorova

Hukumat qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hukumat qarori bilan «Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Hujjat respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarida arxiv hujjatlarini elektron shaklda yuritish va tizimdan foydalanish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, arxiv axborot tizimidan davlat organlari va tashkilotlari operator bilan tuziladigan shartnoma asosida foydalanadi. Tizimga ulanish uchun ariza maxsus elektron so‘rov oynasi orqali operatorga yuboriladi.

Operator ariza kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi. Agar ariza nizom talablariga mos bo‘lsa, davlat organi yoki tashkilotiga tizimga ulanish bo‘yicha shartnoma elektron shaklda yuboriladi.

Davlat organi yoki tashkiloti shartnomani imzolab, unda belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgach, operator foydalanuvchini ikki ish kuni ichida Yagona milliy arxiv axborot tizimiga ulash choralarini ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq arxiv xizmatlarida ortiqcha hujjatlar talabi bekor qilingani haqida yozgan edik.