Yangiliklar

Endi yurisprudensiya yo‘nalishlariga kirishda IQ test topshiriladi

Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik hamda Raqamli huquq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga
Endi yurisprudensiya yo‘nalishlariga kirishda IQ test topshiriladi
Foto: Oliygoh.uz

Endilikda ayrim yurisprudensiya yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda IQ test sinovlarini topshirish tartibi rasman belgilandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.

IQ testi qaysi yo‘nalishlarda joriy etiladi?

Yangi tartibga ko‘ra, IQ testi faqat Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik hamda Raqamli huquq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonida qo‘llaniladi.

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida mazkur yo‘nalishlarni tanlash uchun IQ testini topshirishga rozilik bildirishi kerak bo‘ladi.

Testlar xorijiy hamkor bilan hamkorlikda o‘tkaziladi

Qarorga muvofiq, IQ test sinovlari Toshkent davlat yuridik universiteti va testlarni tashkil etuvchi xorijiy hamkor tashkilot o‘rtasidagi shartnoma asosida har yili 10-iyulga qadar o‘tkaziladi.

Testlarni tashkil etish hamda natijalarni baholash jarayoni xorijiy tashkilotning belgilangan mezon va talablari asosida amalga oshiriladi.

Faqat muvaffaqiyatli topshirganlar ushbu yo‘nalishlarni tanlay oladi

IQ testidan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlargina oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat yo‘nalishlarini tanlash bosqichida Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik hamda Raqamli huquq yo‘nalishlarini tanlash huquqiga ega bo‘ladi.

Chet tili sertifikati ham talab etiladi

Mazkur yo‘nalishlarga hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun chet tilini bilish darajasi bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat mavjud bo‘lishi majburiy hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlangani haqida yozgandi.