
O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi 30-iyundan boshlab 700 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarni joylashtirishni boshladi. Obligatsiyalarning muomala muddati 7 yil etib belgilangan.
Obligatsiyalar yopiq obuna orqali joylashtiriladi
Kompaniya nominal qiymati 1 mln so‘m bo‘lgan 700 ming dona korporativ obligatsiyani joylashtiradi. Ushbu obligatsiyalar qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchisi orqali amaldagi savdo qoidalariga muvofiq joylashtiriladi.
Joylashtirish yopiq obuna usulida, ya’ni cheklangan doiradagi investorlar o‘rtasida amalga oshiriladi. Shuningdek, obligatsiyalar investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish va uzoq muddatli daromad olish imkonini berishi mumkin.
Yuqori likvidli aktivlar tarkibiga kiritilgan
Kompaniya korporativ obligatsiyalari Markaziy bank tomonidan yuqori likvidli aktivlar tarkibiga kiritilgan. Bu omil ushbu moliyaviy instrumentning investitsion jozibadorligini oshirishi aytilmoqda.
Kompaniyaga ko‘ra, bu nafaqat tijorat banklari, balki sug‘urta tashkilotlari hamda boshqa institutsional va xususiy investorlarning obligatsiyalarga qiziqishini oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlangandi. Yangi tartibga ko‘ra, bunday bitimlar fond birjalari va birjadan tashqari savdo tashkilotchilarining elektron savdo tizimlari orqali tuziladi.