
O‘zbekiston va Gruziya o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirib, tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Forumda ikki davlat vazirliklari, moliyaviy institutlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etib, savdo hajmini oshirish, investitsiyalarni kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga bo‘lajak rasmiy tashrifi arafasida o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda qayd etilishicha, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $268 mlnni tashkil etgan bo‘lib, uni $1 mlrdga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 20 mingtaga yetgani ta’kidlandi.

Muhokamalarda transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, energetika, IT va turizm sohalari asosiy yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqildi. O‘rta koridor salohiyatidan foydalanish va Gruziyaning Qora dengiz hamda Yevropa bozorlariga chiqishdagi o‘rni alohida qayd etildi. Poti erkin industrial zonasida savdo-logistika xabini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Forum yakunida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi hamda B2B va G2B uchrashuvlari o‘tkazilib, yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2 – 3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyaga borishi haqida xabar qilgan edik.