
Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2 – 3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tbilisi shahrida Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili hamda bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan Uchrashuvlar kun tartibidan O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik hamda ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Muzokaralarda siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, tomonlar sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalaridagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratadi. Transport-logistika yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash va mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ham muzokaralarning muhim mavzularidan biri bo‘ladi.
Bundan tashqari, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi. Davlat tashrifi yakunida hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisini tabriklagan edi.