Xavfsizlik

Samarqand va Qashqadaryoda korrupsion holatlar fosh etildi

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Samarqand va Qashqadaryoda korrupsion holatlar fosh etildi
Foto: DXX

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimlari bilan bog‘liq korrupsion holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Samarqand viloyatida «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi va ushbu tashkilotda avval ishlagan shaxs noqonuniy harakatda gumonlanmoqda. Ular o‘zaro til biriktirib, mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish hamda texnik shart ruxsatnomasini olib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga ular tadbirkordan $2 ming talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Kadastr agentligida ham

Foto: DXX

Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘liq holat aniqlandi. U mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga kadastr hujjatlarini tayyorlab, sotib olib berishni va’da qilgan.

Mazkur mansabdor shaxs ushbu ish evaziga avval $11,6 ming olgan. Biroq u bergan va’dasini bajarmagan. Keyinchalik olingan pul hisobidan 49,7 mln so‘mni qaytarib berayotgan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida mansabdor shaxs $11,6 ming hisobidan qolgan 89,5 mln so‘mni ham jabrlanuvchiga qaytarib bergan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Xorazmda Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlangani haqida yozgan edi.