Gadjetlar

Samsung Galaxy Z Fold 8 Ultra qanday kamerada chiqishi ma’lum bo‘ldi

Galaxy Z Fold 8 Ultra’ning qolgan kamera tizimi katta o‘zgarishsiz qoladi
Samsung Galaxy Z Fold 8 Ultra qanday kamerada chiqishi ma’lum bo‘ldi
Foto: Grok

Samsung yangi avlod buklama flagman smartfonlarida kamera tizimini sezilarli yangilashi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Z Fold 8 Ultra modeli ilk bor 50 megapikselli ultra keng burchakli kamera bilan jihozlanadi.

Hozirgi avlod buklama flagmanlarida ultra keng burchakli kamera sifatida 12 megapikselli sensor ishlatiladi. Yangi 50 megapikselli modul suratlarda detallarni yaxshiroq aks ettirish, keng kadrlarni aniqroq olish va past yorug‘lik sharoitida tasvir sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy Z Fold 8 Ultra’ning qolgan kamera tizimi katta o‘zgarishsiz qoladi. Smartfon 200 megapikselli asosiy kamera hamda 3 karra optik yaqinlashtirishga ega 10 megapikselli telefoto modul bilan jihozlanishi aytilmoqda. Shu tariqa asosiy yangilanish aynan ultra keng burchakli kameraga to‘g‘ri keladi.

Yana nimalarni kutish kerak

Foto: Sammobile

Standart Galaxy Z Fold 8 modeliga esa ikkita 50 megapikselli kamera – asosiy va ultra keng burchakli modullar berilishi mumkin. Galaxy Z Flip 8 esa taxminlarga ko‘ra, 50 megapikselli asosiy va 12 megapikselli qo‘shimcha kameradan iborat tizimni saqlab qoladi.

Shuningdek, yangi avlod Samsung buklama smartfonlari yanada yupqaroq korpus, takomillashtirilgan sharnir va ekrandagi bukilish izi kamroq seziladigan konstruksiya bilan chiqishi kutilmoqda. Bundan tashqari, qurilmalar kuchliroq apparat platformasiga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Galaxy Z Fold 8 liniyasining rasmiy taqdimoti 2026-yil 22-iyul kuni Galaxy Unpacked tadbirida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Agar ma’lumotlar tasdiqlansa, Galaxy Z Fold 8 Ultra Samsung‘ning buklama smartfonlari orasida 50 megapikselli ultra keng burchakli kameraga ega ilk model bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy A27 smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.