Avto

Yangi Lada Azimut ekstremal sharoitlarda sinovdan o‘tkazilmoqda

Yangi Lada Azimut ekstremal sharoitlarda sinovdan o‘tkazilmoqda
Foto: Lada

AvtoVAZ yangi Lada Azimut krossoverini seriyali ishlab chiqarishga tayyorlash doirasida yakuniy laboratoriya sinovlarini boshladi. Model dastlab Volga avtomobil zavodida yaqinda ishga tushirilgan yangi vibrostendda tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Yangi sinov majmuasi real yo‘l sharoitlarini yuqori aniqlikda takrorlash imkonini beradi. Buning uchun muhandislar zavod poligonidagi turli yo‘l uchastkalari – tuproq yo‘llar, shag‘alli qoplamalar, bruschatka va sun’iy notekisliklar profilini oldindan yozib olgan. Ushbu sinov yurishlari vaqtida avtomobilga maxsus datchiklar o‘rnatilib, g‘ildiraklar va osma tizimga tushadigan yuklamalar qayd etilgan.

Sinov nima uchun o‘tkazilmoqda

Foto: Lada

Sinovlarning ushbu bosqichida mutaxassislar seriyali ishlab chiqarish uskunalarida tayyorlangan qismlarning ishonchliligini baholamoqda. Bu Lada Azimut ommaviy ishlab chiqarishga chiqarilishidan oldingi muhim yakuniy tekshiruvlardan biri hisoblanadi.

Model javob bera oladimi

Yangi majmuaning asosiy xususiyatlaridan biri uning iqlim kamerasi bilan integratsiya qilinganidir. Sinov vaqtida avtomobil bir vaqtning o‘zida vibratsion yuklamalar va keskin harorat ta’siriga duchor qilinadi. Harorat diapazoni minus 40 darajadan plus 60 darajagacha bo‘lgan sharoitlarni qamrab oladi.

Bunday usul avtomobilning turli iqlim sharoitlarida ko‘p yillik ekspluatatsiyasini qisqa vaqt ichida modellashtirish imkonini beradi. Shu tariqa muhandislar kuzov, osma, agregatlar va boshqa muhim qismlarning sovuq, issiq va og‘ir yo‘l sharoitlarida qanday ishlashini tekshiradi.

Avvalroq «Kursiv» Lada Granta Qozog‘istonda yana ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.