Yangiliklar

Yuridik universitetida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul sanalari ma’lum bo‘ldi

Oliy ma’lumotli fuqarolar TDYUda tashkil etilgan maxsus 3 yillik ta’lim dasturi asosida Yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olishi mumkin
Yuridik universitetida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul sanalari ma’lum bo‘ldi
Foto: TDYU

Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni Toshkent davlat yuridik universitetiga (TDYU) ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.

Yangi nizomga ko‘ra, oliy ma’lumotli fuqarolar TDYUda tashkil etilgan maxsus 3 yillik ta’lim dasturi asosida Yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olishi mumkin. Qabul test sinovlari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Hujjatlar 10-iyuldan 10-avgustgacha qabul qilinadi

Abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustgacha Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.

Imtihonlarda faqat mutaxassislik fanlari va chet tili bo‘ladi

Mazkur ta’lim dasturiga hujjat topshirayotgan nomzodlar umumiy kirish imtihonlaridagi barcha fanlardan emas, balki faqat mutaxassislik fanlari hamda chet tili bo‘yicha test sinovlarini topshiradi.

Shuningdek, ushbu maxsus 3 yillik dasturda odatdagi bakalavriat qabulida qo‘llaniladigan imtiyozlar tatbiq etilmaydi. Faqat chet tilini bilishni tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar bundan mustasno.

Ta’lim bir necha shaklda tashkil etiladi

Qabul universitetning mavjud imkoniyatlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati va moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari alohida kvotalar asosida amalga oshiriladi.

Talabalar kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Magistratura muddati ham belgilandi

Qarorga muvofiq, TDYU magistraturasida o‘qish muddati ham ta’lim yo‘nalishiga qarab farqlanadi. Xususan, Yurisprudensiya bakalavriatini tamomlaganlar magistraturada 1 yil, turdosh yo‘nalish bitiruvchilari esa 2 yil tahsil oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi yurisprudensiya yo‘nalishlariga kirishda IQ test topshirilishi haqida yozgandi.