
O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish uchun subsidiyalar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Subsidiyalar qachongacha ajratiladi
Prezidentning «Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 31-dekabrgacha Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan bir qator subsidiyalar ajratiladi.
Qancha summa ajratildi
Qarorga muvofiq, terini qayta ishlab tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga realizatsiya qilingan tayyor charmning har bir kvadrat detsimetri uchun 350 so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarishga joriy etgan har bir yangi model uchun 1 mln so‘m subsidiya oladi. Bunda bir korxona uchun bir kalendar yilida ajratiladigan mablag‘ 50 mln so‘mdan oshmaydi.
Qaysi xarajatlar qoplanadi
Poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun import qilgan poyabzal qoliplari qiymatining 50 foizi qoplab beriladi. Kompensatsiya miqdori bir kalendar yilida Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun $10 minggacha, boshqa davlatlardan import qilingan mahsulotlar uchun esa $5 minggacha etib belgilanadi.
Shuningdek, yengil sanoat korxonalariga suv tozalash inshootlarida foydalaniladigan kimyoviy vositalar va reagentlar xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.
Davlat xaridlarida yangi preferensiyalar
2026-yil 1-sentabrdan davlat xaridlarida ishtirok etuvchi korxonalarga mahalliy charm xomashyosi va butlovchi qismlardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish o‘rinlari soni hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo belgisi va brendiga qarab qo‘shimcha ball berish hamda 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etish tartibi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, davlat buyurtmachilari uchun elektron davlat xaridlari tizimida xarid qilinadigan maxsus poyabzallar tavsifida muvofiqlik sertifikati haqidagi ma’lumotni joylashtirish talabi ham kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq paxta-to‘qimachilik klasterlariga gektariga 3 mln so‘m subsidiya ajratilishi haqida yozgan edik.