
Jahon banki Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun $300 mln grant ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Asia Plus xabar berdi.
Qaror bank direktorlar kengashi tomonidan 30-iyun kuni qabul qilingan. Shu tariqa Jahon bankining Rog‘un loyihasiga ajratgan umumiy qo‘llab-quvvatlovi $650 mlnga yetdi.
Loyiha Tojikistonning uzoq muddatli rivojlanishi uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Uning amalga oshirilishi mamlakatda 30 mingdan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rinlarini yaratishi, 10 mln dan ziyod aholini arzon, ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam berishi kutilmoqda. Shuningdek, Rog‘un GES Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishni oshirishi kerak.
Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14,4 ming gigavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi prognoz qilinmoqda. Bu Tojikistonning hozirgi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining qariyb 60 foiziga teng. Ishlab chiqariladigan arzon elektr energiyasining yarmi ichki talabni qoplashga yo‘naltiriladi. Bu mamlakatda qishda muntazam kuzatiladigan elektr ta’minotidagi cheklovlarni kamaytirishi mumkin.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxassinning ta’kidlashicha, Rog‘un GES nafaqat surunkali elektr tanqisligini kamaytiradi, balki Tojikistonda tarkibiy iqtisodiy o‘zgarishlar va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi.
Mintaqa uchun qanchalik foydasi bor
Qolgan elektr energiyasi Qozog‘iston va O‘zbekistonga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Jahon banki buni Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr energiyasi bozorini rivojlantirish, energiya tanqisligini kamaytirish va energetika xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qiladigan omil sifatida baholamoqda.
Ajratilayotgan mablag‘lar qurilish ishlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun elektromexanik uskunalarni yetkazib berish va o‘rnatish, sifat nazorati, xavfsizlik talablariga rioya etish hamda ekologik va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishga yo‘naltiriladi. Jumladan, loyiha ta’sirida ko‘chiriladigan xonadonlarni joylashtirish va ularning daromad manbalarini tiklashga ko‘maklashish ham moliyalashtirish doirasiga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda O‘zbekistonda 13 ta GES ishga tushirilishi haqida yozgan edi.