Yangiliklar

OpenAI AQSh hukumatiga kompaniyaning 5 foiz ulushini berishni taklif qildi

Ulush qiymati $42,6 mlrdni tashkil etadi
OpenAI AQSh hukumatiga kompaniyaning 5 foiz ulushini berishni taklif qildi / Foto: The News INT

OpenAI sun’iy intellekt sohasidagi siyosiy bosimni yumshatish maqsadida AQSh hukumatiga kompaniyaning 5 foizlik ulushini taklif qilmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Ulush qanchaga baholandi

Mazkur tashabbus kompaniya Vashingtondagi siyosiy bosimni kamaytirishga intilayotgan bir paytda ilgari surilgan. Joriy yil mart oyida OpenAI rekord darajadagi investitsiya raundini yakunlagan bo‘lib, kompaniyaning investitsiyadan keyingi qiymati $852 mlrdga baholangan. Shunga ko‘ra, 5 foizlik ulushning qiymati taxminan $42,6 mlrdni tashkil etadi.

Taklif qachon ilgari surilgan

Nashr suhbatdoshlariga tayanib yozishicha, OpenAI bosh direktori Sem Altman kompaniyadagi moliyaviy manfaatni jamoatchilik bilan bo‘lish SI rivojidan olinadigan foydani kengroq taqsimlashning eng maqbul yo‘li ekanini ta’kidlagan. U ushbu g‘oyani 2025-yil boshida Donald Tramp ma’muriyati bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarda ilgari surgan.

Taklifga ko‘ra, AQSh hukumati maxsus davlat jamg‘armasi orqali mamlakatning yetakchi SI kompaniyalarida 5 foizlik ulushga ega bo‘lishi mumkin. Bunday mexanizm OpenAI bilan bir qatorda Anthropic, Google va Meta kabi kompaniyalarga ham tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Biroq ushbu kompaniyalar bunday taklifni qabul qilishi noma’lum. Oq uy, OpenAI, Anthropic, Google va Meta CNBC so‘roviga hozircha izoh bermagan.

SI kompaniyalariga bosim

So‘nggi vaqtlarda AQSh hukumati yirik sun’iy intellekt kompaniyalariga nisbatan nazoratni kuchaytirmoqda. Bunga modellar bilan bog‘liq kiberxavfsizlik xatarlari hamda Xitoyning ochiq kodli SI modellari bilan kuchayib borayotgan raqobat sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

CNBC ma’lumotiga ko‘ra, OpenAI va hukumat o‘rtasida davlat ulushi masalasi bir yildan ortiq vaqt davomida muhokama qilinmoqda. Aprel oyida kompaniya SI kompaniyalari o‘sishidan olinadigan iqtisodiy foydani aholiga taqsimlash uchun «jamoat farovonligi jamg‘armasi»ni tashkil etishni ham taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI IPO’ni 2027-yilga qoldirishi mumkinligi haqida yozgan edik.