
O‘zbekistonda 4,8 mln kishi ko‘p qavatli uylarning xonadonlarida istiqomat qiladi. Bu jami aholining 12,4 foizini tashkil etadi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining katta qismi shaxsiy yakka tartibdagi hovlilarda yashaydi.
Bunday turar joylarda istiqomat qiluvchilar soni 33,3 mln kishini tashkil etgan. Bu jami aholining 85,3 foiziga teng.
Boshqa turdagi turar joylarda 927 ming kishi yashaydi
Boshqa turdagi turar joylarda yashovchilar soni 927,3 ming kishini tashkil etgan. Bu jami aholining 2,3 foiziga teng.
Bunday turar joylarga dala hovli, yotoqxona, mehmonxona, hostel va boshqa yashash joylari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning zamonaviy tarixdagi ilk aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish kampaniyasi budjetga $4,68 mlnga tushdi. Mas’ul xodimning so‘zlariga ko‘ra, bir kishini ro‘yxatga olish xarajatlari atigi 12 sentni tashkil etgan. Shu bilan birga, e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, respublika aholisining umumiy soni 39 047 321 nafarga yetgan.