Yangiliklar

Sony PlayStation o‘yinlarini diskda chiqarishni to‘xtatadi

2028-yil yanvaridan boshlab
Sony PlayStation o‘yinlarini diskda chiqarishni to‘xtatadi
Foto: Francois Greuez / Sipa / Shutterstock

Sony Interactive Entertainment yangi PlayStation o‘yinlarini jismoniy diskda chiqarishni to‘xtatishini e’lon qildi. 2028-yil yanvaridan boshlab barcha yangi relizlar faqat raqamli formatda taqdim etiladi.

O‘yinlar PlayStation Store orqali yoki raqamli kodlar yordamida xarid qilinadi. Bunday kodlar chakana savdo do‘konlarida sotilishi davom etadi.

Shu tariqa 2027-yil PlayStation o‘yinlari muntazam ravishda diskda chiqariladigan so‘nggi yil bo‘ladi.

Eski disklar ishlashda davom etadi

Sony’ning bildirishicha, 2028-yilgacha chiqarilgan o‘yinlar savdoda qoladi. Diskovodli PlayStation konsollari esa avval sotib olingan disklarni muammosiz ishga tushirishda davom etadi.

Shu sababli, disk kolleksiyasi bor foydalanuvchilar o‘z o‘yinlaridan foydalanishda davom etishi mumkin.

Sony qarorini raqamli xaridlar ommalashgani bilan izohladi

Kompaniya bu qarorni PlayStation foydalanuvchilarining katta qismi allaqachon o‘yinlarni raqamli shaklda xarid qilayotgani bilan izohladi.

Sony endi asosiy e’tiborni onlayn ekotizimni rivojlantirishga qaratmoqchi. Kompaniya jismoniy nusxalarni ishlab chiqarish, qadoqlash va yetkazib berishga resurs sarflashni kamaytiradi.

Bu qaror ko‘plab geymerlar uchun PlayStation disklar davrining yakuni sifatida qabul qilinadi.

O‘yin disklari kolleksiyasi, chiroyli qutilar va yangi o‘yin uchun do‘konga borish odati asta-sekin o‘tmishda qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq GTA 6 uchun oldindan buyurtma 25-iyunda boshlangani ma’lum qilingandi. O‘yin PlayStation 5 hamda Xbox Series X/S konsollari uchun taqdim etiladi.