Yangiliklar

SpaceX sun’iy intellekt uchun o‘z gadjetini ishlab chiqqani aytilmoqda

Qurilma tashqi ko‘rinishi va funksiyasi jihatidan smartfonga o‘xshaydi
SpaceX sun’iy intellekt uchun o‘z gadjetini ishlab chiqqani aytilmoqda
Foto: Shutterstock

SpaceX sun’iy intellekt texnologiyalari bilan integratsiya qilinadigan yangi qurilma prototipini ishlab chiqqan bo‘lishi mumkin. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, qurilma tashqi ko‘rinishi va funksiyasi jihatidan smartfonga o‘xshaydi. Biroq Ilon Mask bu xabarni «mutlaq yolg‘on» deb atadi.

Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, yangi gadjet inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi muloqot uslubini o‘zgartirishga qaratilgan. Qurilma SpaceX bilan bog‘liq xAI texnologiyalari asosida ishlashi ko‘zda tutilgan.

Qurilma smartfonga o‘xshashi aytilmoqda

WSJ manbalariga ko‘ra, qurilma nafis dizaynga ega bo‘lib, iPhone’dan ham yupqaroq ko‘rinishda yaratilgan. U xAI texnologiyalari bilan integratsiya qilingan o‘z operatsion tizimida ishlashi mumkin.

Nashr buni Mask ilgari surayotgan «hamma narsa uchun bitta ilova» konsepsiyasiga mos loyiha sifatida talqin qilmoqda. Qurilma Qualcomm’ning Snapdragon chipsetidan foydalanishi mumkinligi ham aytilgan.

Loyiha hozircha dastlabki bosqichda

Qurilmaning yakuniy dizayni o‘zgarishi mumkin. Hatto uning ommaviy ishlab chiqarishga chiqarilishi yoki umuman bozorga taqdim etilishi ham hozircha aniq emas. Kompaniya vakillari WSJ so‘roviga tezkor javob bermagan.

Avvalroq «Kursiv» SpaceX aksiyalari 16 foizga tushib ketgani haqida yozgan edi.