Avto

Yangilangan Hongqi Tiangong 08 savdoga chiqdi

Yangilangan Hongqi Tiangong 08 savdoga chiqdi
Foto: Ifeng

FAW konserniga qarashli Hongqi brendi Xitoyda yangilangan 2026-yilgi Hongqi Tiangong 08 elektromobilining 670 Max versiyasi uchun sotuvoldi buyurtmalarini qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Tiangong 08 Hongqi’ning Tiangong elektr modulli platformasi asosida ishlab chiqilgan. Model ilk bor 2024-yil noyabrida namoyish qilingan, 2025-yil boshida esa bozorga chiqarilgan edi. Yangilangan 670 Max versiyasining sotuvoldi narxi 199,8 ming yuan, ya’ni taxminan $29,4 ming etib belgilandi. Cheklangan muddatli aksiya doirasida esa avtomobil 179,8 ming yuan yoki qariyb $26,4 mingdan taklif qilinmoqda.

Foto: Ifeng

Avtomobil tashqi ko‘rinishida ayrim o‘zgarishlar qilingan. Jumladan, yangi «Daiye Blue» kuzov rangi qo‘shildi. Tiangong 08 yopiq old panjara, yoritiluvchi Hongqi uslubidagi old dizayn hamda L shaklidagi ajratilgan LED faralarni saqlab qolgan. Yon tomonda 21 dyuymli sport disklari va Pirelli P ZERO E yuqori unumdor shinalari taklif etiladi. Orqa qismda esa butun eni bo‘ylab cho‘zilgan chiroqlar paneli va aerodinamik spoiler elementlari mavjud.

Dizayn va o‘lchamlar

SUV uzunligi 4925 mm, eni 1950 mm, balandligi 1680 mm, g‘ildirak bazasi esa 3000 mmni tashkil etadi. U 15,6 dyuymli ikki ekranli panel va 65,5 dyuymli AR-HUD proyeksion displey bilan jihozlangan. Bagaj hajmi odatiy holatda 643 litrni tashkil qiladi. Orqa o‘rindiqlar buklanganda bu ko‘rsatkich 1998,5 litrgacha kengayadi.

Foto: Ifeng

Avtomobil 4C tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli batareyani 10 foizdan 80 foizgacha 15 daqiqada quvvatlash mumkin.

Tiangong 08 670 Max Hongqi Sinan L2 darajasidagi haydovchiga yordam tizimi bilan standart jihozlanadi. U shaharda xaritasiz NOA funksiyasi, turli holatlarda avtomatik parkovka va yo‘l holatini oldindan hisobga oluvchi shassi sozlamalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hongqi ilk yo‘ltanlamas SUV modelini G919 deb nomlagani haqida yozgan edi.