
O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish va ularga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi. Adliya vazirligiga ko‘ra, prezident tomonidan yangi qonun imzolandi.
Qonunga ko‘ra, «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari qonunchilikka kiritildi. Bu tushuncha bolaning oila g‘amxo‘rligida ulg‘ayishi, farovonligi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kabi mezonlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, bolaning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy hamda axloqiy manfaatlari ham inobatga olinadi. Bolaning manfaatlari uning o‘ziga xos xususiyatlari, ishtiroki va fikrini hisobga olgan holda belgilanadi.
Qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlarga, jumladan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga yangi vakolatlar berildi. Endilikda ular tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’vo kiritishi mumkin. Shuningdek, ushbu tashkilotlar sud majlislarida jabrlanuvchilarning vakili sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs maxsus markazlarga joylashtirilgan bo‘lsa, bu unga bir oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish uchun asos hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ayollar ta’tilsiz erkaklarga qaraganda ko‘proq hissiy charchashi haqida yozgan edi.