
Nyu-Yorkda ekstremal blogerlar Anjelina Nikolau va Ivan Kuznetsov Empire State Building’ning eng yuqori qismiga yashirincha chiqib, u yerda unashtiruv marosimini o‘tkazdi. Biroq romantik lahzalar tez orada qo‘lga olish va jinoiy ayblovlar bilan yakunlandi.
Sevgi izhori 1450 fut balandlikda bo‘ldi
33 yoshli Anjelina Nikolau va 32 yoshli Ivan Kuznetsov ekstremal binolarga chiqishi bilan tanilgan blogerlar. CNN yozishicha, ular chorshanba kuni Empire State Building’ning shpil qismiga ko‘tarilgan.
Taxminan 1450 fut balandlikda ular «Muhabbat kuchi hokimiyatga bo‘lgan muhabbatni yengsa, dunyo tinchlik topadi» degan yozuvli qora bannerni ochgan. Shundan so‘ng Ivan Anjelinaga turmush qurishni taklif qilgan.
Anjelina ijtimoiy tarmoqda ushbu holat aks etgan foto va videolarni, shuningdek, shahar fonida unashtiruv uzugi suratini joylashtirgan.
Ular binoda tunab qolgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, juftlik Empire State Building’ga avvaliga oddiy tashrif buyuruvchi sifatida kirgan. Ular seshanba kuni kechqurun 86-qavatdagi ochiq kuzatuv maydonchasi uchun chipta sotib olgan.
Keyin esa bino yopilgach, ichkarida yashirinib qolgan. Tergovchilar fikricha, ular kuzatuv majmuasidagi texnik xonada tunagan bo‘lishi mumkin.
Tong otishidan oldin juftlik 102-qavat atrofidagi hududga chiqib, keyin binoning cheklangan qismiga o‘tgan.
Cheklangan hududga kirish uchun to‘siqlar buzilgan
Rasmiylarga ko‘ra, Empire State Building’ning eng yuqori qismiga chiqish uchun bir nechta yopiq va cheklangan hududlardan o‘tish kerak bo‘lgan.
Video yozuvlarda erkak kishi zinapoyadagi metall to‘siqlarni bo‘shatish uchun asboblardan foydalangani ko‘ringan. Keyin ular darvoza atrofidan o‘tib, ikkita qulfni kesgan.
Shuningdek, 104-qavatdagi xavfsizlik eshigi qulfiga yetkazilgan zarar taxminan $2 mingga baholangan.
Politsiya antenna o‘chirilgachgina ularga yaqinlasha olgan
Empire State Building tepasidagi radioantenna inson tanasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yuqori chastotali signallar tarqatadi. Shu sababli politsiya blogerlarga yaqinlashishidan oldin antenna taxminan 30 daqiqaga o‘chirilgan.
Shundan keyin NYPD maxsus xizmati xodimlari arqon va xavfsizlik moslamalari yordamida yuqoriga ko‘tarilib, juftlikni pastga tushirgan.
Tana kamerasi yozuvida politsiyachilardan biri ularga «Joyingizda qoling, bu yerda bo‘lishingiz mumkin emas» degani eshitiladi.
Romantik lahza sud bilan tugadi
Angelina Nikolau va Ivan Kuznetsov qo‘lga olinganidan keyin ularga bir nechta ayblov qo‘yildi. Ular orasida noqonuniy kirish, ehtiyotsizlik bilan xavf tug‘dirish va mulkka zarar yetkazish kabi ayblovlar bor.
Manhattan prokuraturasi ularni mashhur bo‘lish va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini monetizatsiya qilish maqsadida bu ishni qilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.
Juftlikning advokati esa ayblovlar haddan tashqari og‘ir qo‘yilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, masala sudda ko‘rib chiqiladi.
«Biz sevgiga ishonamiz»
Suddan chiqqach, jurnalistlar Kuznetsovdan nega bannerda sevgi haqidagi yozuv bo‘lganini so‘radi.
«Chunki biz sevgiga ishonamiz», — dedi u.
Keyin Angelina va Ivan qo‘l ushlashib sud binosidan chiqib ketdi. Ular metro bekati zinapoyasida jurnalistlar va fotograflar qarshisida o‘pishdi.
Xavfli sevgi hikoyasi
Bu voqea ko‘plar uchun noodatiy sevgi izhori sifatida esda qolishi mumkin. Ammo rasmiylar bunday harakat xavfli va noqonuniy ekanini ta’kidlamoqda.
Empire State Building vakillari hodisa ruxsatsiz amalga oshirilganini, biroq bino mehmonlari va xodimlariga xavf tug‘ilmaganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan internatsional oilalar baxtining siri haqida yozgandi.

