
Kursiv Uzbekistan 3-iyul kuni respublikada yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
O‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.
Toshkent va Andijonda kadastr bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi
Toshkent shahri va Andijon viloyatida kadastr tizimi bilan bog‘liq ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
O‘tkazilgan tadbir davomida Kadastr agentligining Yashnobod tumani bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali $2 ming olgan vaqtida ushlandi. Ma’lum qilinishicha, u xizmat mavqeyidan foydalangan holda mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzib tashlamaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga pul talab qilgan.
FIFA chiptalarining qayta sotilishiga taqiq qo‘yish vakolatimiz yo‘q — O‘FA
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Jahon chempionati chiptalari bo‘yicha tarqalgan savollarga javob berib, chiptalar savdosi FIFA tomonidan faqat rasmiy onlayn platformalar orqali bir necha bosqichda amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga rasmiy izoh berildi.
Assotsiatsiya ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun uyushgan muxlislar sektoriga jami 14 073 ta chipta ajratilgan. Shundan 8 064 tasi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari tomonidan FIFA platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilingan.
Qolgan 6 009 ta chipta esa O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Professional futbol ligasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari, futbol klublari, futbolchilar va ularning oila a’zolari, markazlashgan muxlislar jamoasi, sport tashkilotlari, davlat idoralari, homiylar hamda AQShdagi vatandoshlar nomidan faoliyat yurituvchi «Mahalla USA» tashkiloti uchun oldindan buyurtma asosida taqsimlangan.
O‘zbekistonning tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi
2026-yilning I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Regulyatorga ko‘ra, davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdga, korporativ tashqi qarz esa $41,7 mlrdga teng bo‘ldi. Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, to‘lovlar xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev Tbilisida Gruziya qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga davlat tashrifi doirasida 3-iyul kuni Tbilisi shahridagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari Gruziya birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi.
Trend pista brendi ishlab chiqaruvchisiga moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi Trend brendi ostida pista mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi «Oziq-ovqat standart karton» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bunga kompaniyaning reklama materiallarida qonun talablarini buzganligi sabab bo‘lgan.
Murojaat Mega brendi ishlab chiqaruvchisidan kelib tushgan
Tekshiruvga Mega brendi ostida pista mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaning murojaati asos bo‘ldi. Unda Trend brendining ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarida o‘z mahsulotini Mega mahsulotidan ustun qilib ko‘rsatadigan, shuningdek, raqobatchi brendning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tasvir va ifodalardan foydalanilgani qayd etilgan.
4 – 6-iyul kunlari 9 ta viloyatda sel-suv toshqini xavfi bor
«O‘zgidromet» 4 – 6-iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, noqulay ob-havo Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tumanlarida kuzatilishi mumkin.
AI-92 benzin narxi birjada tonnasi uchun qariyb 14 mln so‘mga chiqdi
AI-92 benzinining birjadagi o‘rtacha narxi (tonna uchun) 26-maydan 30-iyungacha 1,3 mln so‘mga yoki 10,6 foizga oshdi. 1-iyul kuni esa AI-92 markalari bo‘yicha narxlar tonnasi uchun 13,96 mln so‘m atrofida shakllandi.
1-iyul kungi birja savdolari yakuniga ko‘ra, oddiy avtobenzin A-92 bo‘yicha o‘rtacha narx 13,962 mln so‘m/tonnani tashkil etdi. Bu avvalgi savdoga nisbatan 81,1 ming so‘mga yoki 0,6 foizga yuqori.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar reytingi qanday o‘zgardi
O‘zbekistonlik besh nafar shaxmatchi Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE reytingining kuchli yuztaligidan joy oldi. Yangilangan reytingda Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng kuchli o‘n shaxmatchisi qatorida qolmoqda.
Javohir Sindorov o‘z o‘rnini saqlab, 4-pog‘onada qayd etildi. Nodirbek Abdusattorov esa bir pog‘ona pastlab, 5-o‘rindan 6-o‘ringa tushdi. Shunga qaramay, u hamon Top – 10 safida bormoqda.
«Quyoshli xonadon» ishtirokchilariga aprel-may oylari uchun subsidiya pullari tasdiqlandi
«Quyoshli xonadon» dasturi doirasida quyosh panellarini o‘rnatib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga uzatgan fuqarolarga 2026-yilning aprel va may oylari uchun subsidiya tasdiqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Joriy yilda ushbu to‘lovlardan 60 193 nafar jismoniy shaxs foydalanadi. Ular uchun Davlat budjetidan jami 156 milliard 125 million so‘m ajratilgan.
O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi. Shuningdek, nominal ish haqi 17,4 foizga ko‘tarilgan.
Ishchi kuchiga talab, asosan, xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish sohalarida yuqori bo‘lgan. Bu iqtisodiyotda iste’mol va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari mehnat bozoridagi asosiy drayverlardan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.