Sport

FIFA chiptalarining qayta sotilishiga taqiq qo‘yish vakolatimiz yo‘q — O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun uyushgan muxlislar sektoriga jami 14 073 ta chipta ajratilgan
FIFA chiptalarining qayta sotilishiga taqiq qo‘yish vakolatimiz yo‘q — O‘FA
Foto: O‘FA

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Jahon chempionati chiptalari bo‘yicha tarqalgan savollarga javob berib, chiptalar savdosi FIFA tomonidan faqat rasmiy onlayn platformalar orqali bir necha bosqichda amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga rasmiy izoh berildi.

Assotsiatsiya ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun uyushgan muxlislar sektoriga jami 14 073 ta chipta ajratilgan. Shundan 8 064 tasi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari tomonidan FIFA platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilingan.

Qolgan 6 009 ta chipta esa O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Professional futbol ligasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari, futbol klublari, futbolchilar va ularning oila a’zolari, markazlashgan muxlislar jamoasi, sport tashkilotlari, davlat idoralari, homiylar hamda AQShdagi vatandoshlar nomidan faoliyat yurituvchi «Mahalla USA» tashkiloti uchun oldindan buyurtma asosida taqsimlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu chiptalar barcha tashkilotlarga FIFA belgilagan rasmiy narxlarda va hech qanday qo‘shimcha xizmat haqi undirilmasdan taqdim etilgan.

O‘FA eslatishicha, FIFA reglamentiga ko‘ra, chipta egalari ularni rasmiy mobil ilova orqali boshqa shaxslarga o‘tkazishi yoki FIFA’ning Resale Platform xizmati orqali qayta sotishi mumkin. Shu sababli Assotsiatsiya xarid qilingan chiptalarning qayta sotilishiga taqiq qo‘yish yoki bu jarayonni cheklash vakolatiga ega emas.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xarid qilingan chiptalarning qayta sotilishiga taqiq o‘rnatishi yoki ushbu jarayonni cheklash vakolatiga ega emas», — deyiladi O‘FA axborotida.

Ma’lumot uchun, FIFA guruh bosqichi uchrashuvlari uchun chipta narxlarini $140 dan $700 gacha, cheklangan miqdordagi ayrim o‘rinlar uchun esa $60 etib belgilagan. Chiptalar 2025-yil dekabridan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan bir necha bosqichda rasmiy platformalar orqali sotilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yini chiptalar savdosida peshqadam bo‘lgani haqida yozgandi.