Yangiliklar

Gruziya poytaxtida Alisher Navoiy haykali ochildi — foto

O‘tgan yili Tbilisidagi markaziy bog‘lardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan edi
Gruziya poytaxtida Alisher Navoiy haykali ochildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Marosimda Alisher Navoiyning adabiy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning bebaho boyligi ekani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, mutafakkirning asarlari asrlar davomida ko‘plab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda hamda tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari va Sharqning boy ma’naviy olamini chuqurroq anglashni istaganlar uchun muhim bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Ta’kidlanganidek, Tbilisida Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Ikki xalqni qadimdan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab kelgani, o‘zaro madaniy merosga qiziqish yildan yilga mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodiga yuksak hurmat ko‘rsatilishi eslatib o‘tildi. Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biri uning nomi bilan atalgan va unga haykal o‘rnatilgan. O‘z navbatida, o‘tgan yili Tbilisidagi markaziy bog‘lardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochilishi haqida yozgan edik.