Gadjetlar

iQOO 6500 mA/soat batareyali Z11i smartfonini taqdim etdi — narx

Android 16 tizimi bilan jihozlangan budjet model
iQOO 6500 mA/soat batareyali Z11i smartfonini taqdim etdi
Foto: iQOO/gizmochina

iQOO Xitoyda Z11i smartfonini taqdim etdi. Gizmochinaga ko‘ra, qurilma katta batareya, 120 Gs ekran va Android 16 tizimi bilan jihozlangan budjet model sifatida chiqarildi.

Smartfon 120 Gs ekran oldi

iQOO Z11i 6,74 dyuymli LCD displeyga ega. Ekran 1600×720 piksel aniqlikni, 120 Gs yangilanish chastotasini va 1200 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Displeyda old kamera uchun tomchi shaklidagi kesim bor. Shuningdek, smartfonda DC Dimming, «qog‘oz» ko‘rinishidagi tasvir rejimi va ko‘k nurni kamaytirishga qaratilgan TUV Rheinland sertifikati mavjud.

Batareya sig‘imi 6500 mA/soat

Qurilmaning asosiy jihatlaridan biri 6500 mA/soat sig‘imli batareya. U 15 Vt quvvatda zaryadlanadi.

Smartfon teskari simli zaryadlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu orqali boshqa qurilmalarni ham quvvatlash mumkin.

Snapdragon 4 Gen 2 protsessori o‘rnatilgan

iQOO Z11i Snapdragon 4 Gen 2 protsessori asosida ishlaydi. Smartfon 8 GB gacha LPDDR4X tezkor xotira va 256 GB gacha UFS 3.1 ichki xotira bilan taklif etiladi.

Shuningdek, microSD xotira kartasini o‘rnatish imkoniyati ham bor. Qurilma Android 16 asosidagi OriginOS 6 interfeysida ishlaydi.

Smartfonning kamera imkoniyatlari budjet segmentiga mos. Old kamera 5 MP, asosiy kamera esa 13 MP bo‘lib, avtofokus va 1080p formatida video yozishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Narxi $190 dan boshlanadi

iQOO Z11i’da yon tomondagi barmoq izi skaneri, 3,5 mm audio ulagich, USB-C port, infraqizil uzatkich, Bluetooth 5.1, IP65 himoya darajasi va yiqilishga nisbatan kuchaytirilgan chidamlilik mavjud.

Smartfon narxi xotira konfiguratsiyasiga qarab $190 dan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iQOO kompaniyasi 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega yangi smartfonni sinovdan o‘tkazayotgani xabar qilingandi. Ma’lumotga ko‘ra, qurilma yuqori unumdorlikka ega model bo‘ladi. iQOO avval ham katta batareyali smartfonlar ustida ishlagan. Masalan, iQOO Z11 modeli 9020 mA/soat, iQOO Neo11 7500 mA/soat, iQOO 15T esa 8000 mA/soat batareyaga ega.