Yangiliklar

Navoiyda 34,8 mlrd so‘mlik keshbek noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Navoiyda 34,8 mlrd so‘mlik keshbek noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlandi / Foto: Soliq ilovasi

Navoiy shahrida Soliq Mobile ilovasi orqali 34,8 mlrd so‘mlik noqonuniy keshbek mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq yirik firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Navoiy shahri bo‘limi aniqlashicha, 13 ta MChJ mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 4,5 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilar savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali qabul qilingani va mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida xarid cheklarini shakllantirgan. Natijada 105 524 nafar fuqaro nomidan «Soliq Mobile» ilovasi orqali jami 34,8 mlrd so‘m miqdorida keshbek hisoblanib, ushbu mablag‘lar noqonuniy ravishda o‘zlashtirib yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Andijonda kadastr bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etilgan edi.