Yangiliklar

Nyu-Yorkda tibetlik faol BMT qarorgohi oldida o‘zini yoqib yubordi

Faol Xitoy hukumatining tibetliklarga nisbatan olib borayotgan siyosatidan norozi bo‘lgan
Nyu-Yorkda tibetlik faol BMT qarorgohi oldida o‘zini yoqib yubordi / Foto: Reuters

AQShning Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohi yaqinida tibetlik faol o‘zini yoqish oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Nyu-York politsiyasi ma’lum qilishicha, 2-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:30 atrofida favqulodda chaqiruv kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan huquq-tartibot xodimlari tanasining katta qismi kuygan erkakni topgan. U shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Voice of Tibet nashri marhumni tibetlik faol Lobga Rangzen sifatida tanishtirdi. Nashrga ko‘ra, u Tibet mustaqilligi va tibetliklar birdamligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan murojaatidan so‘ng BMT qarorgohi tashqarisida o‘zini yoqib yuborgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Lobga Rangzen Uber haydovchisi bo‘lib ishlagan va voqea joyiga Tibet bayrog‘i bilan kelgan. Uni tanigan hamkasblaridan biri faol Xitoy hukumatining tibetliklarga nisbatan olib borayotgan siyosatidan norozi bo‘lganini bildirgan.

Foto: Reuters

Voqea Xitoyning yangi qonuni fonida yuz berdi

Hodisa Xitoyning etnik birlik to‘g‘risidagi yangi qonuni kuchga kirgan haftada sodir bo‘ldi. AQSh va Yevropa Ittifoqi mazkur qonun yuzasidan xavotir bildirgan. Qonun mamlakatdagi etnik ozchiliklar, jumladan, tibetliklar va uyg‘urlar bo‘yicha davlat nazoratini kuchaytirishi mumkinligi aytilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa Tibet qadimdan Xitoy hududining ajralmas qismi ekanini ta’kidlab, tegishli davlatlar mazkur hodisani o‘z qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqishiga ishonch bildirgan. Shu bilan birga, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va surgundagi tibetliklar Pekinning Tibetdagi siyosatini muntazam tanqid qilib keladi.

Tibet bo‘yicha xalqaro kampaniya tashkilotiga ko‘ra, 2009 – 2022-yillar oralig‘ida tibetliklar tomonidan 150 dan ortiq o‘zini yoqish holati qayd etilgan. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, ulardan 10 tasi surgunda yashayotgan tibetliklar tomonidan sodir etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Empire State binosining eng yuqori qismidagi sevgi izhori haqida yozgan edik.