
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.
Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari huzurida bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro ma’muriy yordam, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish, kasbiy va oliy ta’lim, fan hamda innovatsiyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni nazarda tutuvchi bitimlar almashildi.


Tomonlar O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda ikki mamlakat madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini ham imzoladi.
Bundan tashqari, iqtisodiyot va moliya, E-Permit ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, radiatsiyaviy himoya va yadroviy xavfsizlik, mehnat migratsiyasi hamda turizm sohalarida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.


Tashrif doirasida yana bir muhim hujjat — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Gruziya Adliya vazirligi huzuridagi Milliy ijro byurosi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ham imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochishi haqida xabar qilgan edik.