Yangiliklar

Poliklinika xodimlari o‘limi bo‘yicha tekshiruv yakunlandi

Andijon viloyati Marhamat tumanida
Andijonda 4 nafar poliklinika xodimi oqova suv bunkerida halok bo‘ldi
Ekran tasviri / Vodiy bozor

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Andijon viloyati Marhamat tumani tibbiyot birlashmasida 4 nafar xodimning o‘limi bilan yakunlangan baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshiruv o‘tkazdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 10-iyun kuni Marhamat tuman tibbiyot birlashmasi hududida joylashgan oqova suvlarni qabul qilish va chiqarish inshootida guruhiy baxtsiz hodisa yuz bergan. Hodisa oqibatida 4 nafar xodim vafot etgan.

Asosiy sabablar sanab o‘tildi

Maxsus komissiya tekshiruvi davomida mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmagani aniqlangan.

Shuningdek, oqova suv inshootidan xavfsiz foydalanish lozim darajada tashkil etilmagani, inshootga begona shaxslarning kirishi va ish bajarishi uchun sharoit yaratilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, xodimlarga xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

«Andijon suv ta’minoti» ustidan ham nazorat yetarli bo‘lmagan

Tekshiruvda «Andijon suv ta’minoti» AJ tomonidan mazkur inshootdan foydalanish ustidan yetarli nazorat amalga oshirilmagani ham ko‘rsatilgan.

Komissiya xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, bilimini tekshirish va o‘ta xavfli ishlarni xavfsiz tashkil etish talablariga ham rioya qilinmaganini aniqlagan.

Hujjatlar IIBga yuborildi

Vazirlikka ko‘ra, tashkilotlarning 4 nafar rahbar va mansabdor shaxslariga huquqiy baho berish uchun hujjatlar Ichki ishlar boshqarmasiga yuborilgan.

Shuningdek, vafot etgan xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashilib, ularga tovon puli va boshqa huquqlari tushuntirilgan.

Ish beruvchilarga ogohlantirish berildi

Bandlik vazirligi barcha ish beruvchilarni mehnatni muhofaza qilish talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi. Vazirlik o‘ta xavfli ishlar faqat belgilangan tartibda tashkil etilishi kerakligini eslatdi.

Mehnat xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat hokimining topshirig‘i bilan voqea joyiga viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borib, holatni o‘rgangandi. Shuningdek, marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirilgan va dafn marosimlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar hal qilingan.