Yangiliklar

Talabalar turar joylarini qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi

Davlat har bir yotoq o‘rni qurilishi uchun 50 foizigacha subsidiya ajratadi
Talabalar turar joylarini qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi / Foto: CahtGPT

O‘zbekistonda talabalar turar joylarini barpo etish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Bu boradagi hukumat qarori 2026-yil 3-iyuldan kuchga kiradi.

DXSh asosida yangi yotoqxonalar quriladi

Hukumat qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi. Endilikda tadbirkorlar davlat bilan hamkorlikda zamonaviy talabalar turar joylarini barpo etadi, davlat esa loyihalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi tartibga ko‘ra, DXSh loyihalari kamida 200 o‘rinli talabalar turar joylari uchun amalga oshiriladi. Davlat har bir yotoq o‘rni bo‘yicha qurilish xarajatlarining 50 foizigacha qismini belgilangan limitlar doirasida subsidiya qiladi.

Talabalar uchun xarajatlarning bir qismi qoplanadi

Talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi. Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va undan foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha qismi belgilangan me’yorlar doirasida davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, yotoqxonalarda bo‘sh o‘rinlar qolgan taqdirda, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari ham joylashtirilishi mumkin.

Subsidiyalar elektron platforma orqali ajratiladi

Qarorga muvofiq, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonidagi bo‘sh hududlardan bitimda belgilangan yotoq o‘rinlaridan tashqari tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanishga ruxsat beriladi.

Davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblab chiqiladi.

50 o‘rinli yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi

2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Biroq ushbu sanagacha boshlangan loyihalar amaldagi bitimlar muddati yakunlangunga qadar davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yurisprudensiya yo‘nalishlariga kirishda IQ test topshirilishi haqida xabar bergan edik.