
3-iyul kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi «Better Best» MCHJ qurilish obyekti hududida kanalizatsiya tarmog‘idagi avariya sabab yer qoplamasining cho‘kishi kuzatildi. Bu haqda Toshkent shahar FVBB ma’lum qildi.
Yakkasaroy tumani hokimligi ma’lum qilishicha, bunga kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Nosozlik oqibatida oqova suvi quvuriga shikast yetib, yer qoplamasi qisman cho‘kkan va o‘pirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar suv ta’minoti xizmatiga ko‘ra, hodisa soat 15:15 da Salaris 12-uy orqasidan o‘tuvchi diametri 1,8 ming millimetr bo‘lgan temir-beton oqova suvi tarmog‘ida sodir bo‘lgan avariya bilan bog‘liq. Voqea joyida avariya-tiklash brigadalari tomonidan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Abu Sahiy» bozori yaqinida yuk mashinasining gaz balloni portlagani haqida yozgan edik.