Yangiliklar

Xorazmga 10 ta yangi avlod gibrid trolleybus olib kelindi

Bu orqali xizmat ko‘rsatish oralig‘i hozirgi 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqaradi
Xorazmga 10 ta yangi avlod gibrid trolleybus olib kelindi / Foto: Transport vazirligi

Xorazm viloyatining Urganch – Xiva yo‘nalishida qatnovchi trolleybuslar parki 10 ta yangi avlod gibrid transport vositasi bilan to‘ldirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB kredit mablag‘lari hisobidan Xitoy Xalq Respublikasining «Yutong» kompaniyasidan 10 dona yangi avlod «gibrid» turdagi trolleybus xarid qilindi.

Yangi harakat tarkiblari Urganch xalqaro aeroporti, Urganch temir yo‘l vokzali va Xiva temir yo‘l vokzalini o‘zaro bog‘lovchi yangi trolleybus yo‘nalishiga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur yangilanish natijasida Urganch – Xiva – Urganch yo‘nalishida trolleybuslar qatnovi yanada qulaylashadi. Xususan, xizmat ko‘rsatish oralig‘i hozirgi 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Termizga 15 ta zamonaviy avtobus olib kelingani haqida yozgan edik.