
Yevropa Ittifoqi 2026-yil 1-iyuldan boshlab ittifoq tashqarisidan yuboriladigan arzon onlayn buyurtmalar uchun vaqtinchalik 3 yevrolik boj to‘lovini joriy etdi. Yangi tartib qiymati 150 yevrogacha bo‘lgan posilkalarga taalluqli bo‘ladi.
Boj, asosan, e-commerce posilkalariga qo‘llanadi
Yangi boj Yevropa Ittifoqiga uchinchi davlatlardan yuboriladigan past qiymatli posilkalarga nisbatan qo‘llanadi. Bunga kiyim-kechak, o‘yinchoqlar, elektronika va internet orqali ko‘p xarid qilinadigan boshqa iste’mol tovarlari kiradi.
Hozirda qiymati 150 yevrodan past bo‘lgan posilkalar bojxona bojidan ozod qilingan. Yevropa Komissiyasi ushbu imtiyoz Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi sotuvchilarga mahalliy biznesga nisbatan ustunlik berayotganini ta’kidlamoqda.
Nega yangi boj joriy qilinmoqda
Yevropa Ittifoqiga har kuni millionlab arzon posilkalar kirib keladi. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning bir qismida xavfsizlik talablari buzilgan, ayrim tovarlar esa bojdan qochish uchun noto‘g‘ri yoki past narxda deklaratsiya qilingan bo‘lishi mumkin.
Yangi to‘lov Yevropa biznesi uchun raqobat sharoitini tenglashtirish, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va bojxona firibgarligiga qarshi kurashishga qaratilgan.
Shuningdek, bu qaror ommaviy posilka tashish bilan bog‘liq ekologik muammolarni kamaytirishga ham yordam berishi aytilmoqda.
3 yevro har bir buyurtma uchun emas, tovar turi bo‘yicha olinadi
Yangi boj har bir tovar turi bo‘yicha qo‘llanadi. Ya’ni to‘lov mahsulotning tarif tasnifiga qarab belgilanadi. Masalan, xaridor 5 ta futbolka olsa, ular bir xil tarif guruhiga kirgani uchun 3 yevro boj to‘lanadi.
Agar xaridor 3 ta futbolka va bitta soat olsa, ular ikki xil tarif guruhiga kirgani sababli 6 yevro boj undiriladi. Bojni deklaratsiya qilish va to‘lash uchun sotuvchi yoki import qiluvchi javobgar bo‘ladi.
To‘lov vaqtinchalik bo‘ladi
3 yevrolik boj vaqtinchalik chora. U Yevropa Ittifoqining yangi bojxona ma’lumotlar markazi – EU Customs Data Hub ishga tushguniga qadar amal qiladi.
Mazkur markaz 2028-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. U elektron savdo orqali kirib kelayotgan tovarlar haqidagi bojxona ma’lumotlarini yagona tizimda jamlaydi. Shundan keyin doimiy bojxona tartibi joriy etiladi.
Alohida handling fee ham muhokama qilinmoqda
Yangi 3 yevrolik boj e-commerce posilkalari uchun muhokama qilinayotgan alohida xizmat to‘lovidan farq qiladi.
Boj to‘lovi xorijiy onlayn sotuvchilarning raqobatdagi ustunligini kamaytirishga qaratilgan. Handling fee esa bojxona organlarining posilkalarni tekshirish va nazorat qilish xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallanmoqda.
Ushbu xizmat to‘lovi bo‘yicha yakuniy qaror hali Yevropa Kengashi va Yevropa Parlamenti o‘rtasidagi muzokaralarda ko‘rib chiqilmoqda.
Yevropa Komissiyasiga ko‘ra, yangi tartib elektron savdo hajmi keskin oshgani sababli zarur bo‘lgan. Komissiya bu qaror Yevropa ishlab chiqaruvchilari va chakana savdo vakillarini himoya qilish, shuningdek, barcha sotuvchilar uchun teng sharoit yaratishga xizmat qilishini bildirdi.
Yangi bojxona qoidalari Yevropa Ittifoqi bozoriga kirayotgan tovarlar xavfsizlik va muvofiqlik talablariga javob berishini ta’minlashga ham qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh 60 ta iqtisodiyot mahsulotlariga qo‘shimcha boj joriy etishi mumkinligi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Kanada, Ekvador, Yevropa Ittifoqi, Indoneziya, Meksika, Pokiston, Argentina, Bangladesh, Kambodja, Salvador, Gvatemala, Malayziya, Tayvan va Buyuk Britaniyadan import qilinadigan mahsulotlarga majburiy mehnat bo‘yicha tergov natijalari asosida qo‘shimcha 10 foizlik boj qo‘llash rejalashtirilmoqda.