Avto

Zeekr 9X uchun oldindan buyurtmalar 8-iyulda boshlanadi

Zeekr 9X uchun oldindan buyurtmalar 8-iyulda boshlanadi
Foto: Zeekr

Geely’ga qarashli Zeekr brendi flagman Zeekr 9X PHEV krossoverining besh o‘rinli versiyasi uchun Xitoyda 8-iyuldan oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshlaydi. Avvalroq ushbu modifikatsiya Xitoy yo‘llarida sinov vaqtida ko‘ringan edi. Endi kompaniya modelni rasman o‘z rejasiga kiritganini tasdiqladi.

Zeekr 9X’ning olti o‘rinli versiyasi Xitoy bozorida o‘tgan yil sentabr oxirida sotuvga chiqqan. Uning narxi 465,9 ming yuandan 599,9 ming yuangacha bo‘lgan.

Foto: Zeekr

Besh o‘rinli Zeekr 9X haqida texnik tafsilotlar hozircha to‘liq ochiqlanmagan. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida yangi versiya «9-seriyaning flagman xususiyatlarini meros qilib olishi» va besh o‘rinli lyuks tajribani qayta belgilashini ta’kidladi.

Zeekr e’lon qilgan rasmga qaraganda, besh o‘rinli versiya tashqi dizayn va asosiy texnik xususiyatlar bo‘yicha olti o‘rinli 9X’dan katta farq qilmaydi. Model to‘liq o‘lchamli SUV bo‘lib, uzunligi 5239 mm, eni 2029 mm, balandligi 1819 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3169 mmga teng. Taqqoslash uchun, Zeekr 9X Mercedes-Benz GLS’dan 32 mm uzunroq, 75 mm kengroq va 4 mm pastroq.

Avvalroq «Kursiv» Zeekr 9X avtomobilining global versiyasi qanday dizaynga egaligi haqida yozgan edi.