
Chevrolet kompaniyasining Silverado EV elektropikapi Amerika bozori uchun deyarli ideal modeldek koʻrinadi: katta kuzov, keng salon, ulkan old bagaj boʻlimi, 400 mildan ortiq yurish zaxirasi va elektr taʼminotini quvvatlab turish imkoniyatiga ega. Shunga qaramay, model savdosi kutilgan darajada emas, deb yozmoqda TechCrunch.
Nashr muallifi Tim De Chant Silverado EVʼni sinovdan oʻtkazib, avtomobil yirik pikap boʻlishiga qaramay, deyarli yengil mashinadek boshqarilishini qayd etdi. Model katta yuk boʻlimi, keng orqa oʻrindiqlar, sokin salon va GMʼning Super Cruise haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan.

Biroq bu imkoniyatlar savdoga sezilarli taʼsir koʻrsatmagan. GM oʻtgan yili AQSh va Kanadada qariyb 14 mingta Silverado EV sotgan. Taqqoslash uchun, benzinli Silverado bir chorakning oʻzida bundan qariyb oʻn baravar koʻp sotiladi.
Muallifning fikricha, bunga bir nechta omillar sabab boʻlishi mumkin. Ulardan biri — modelning tashqi koʻrinishi. Silverado EV dizayni eski Chevrolet Avalancheʼni eslatadi: toʻrt eshikli kuzov, qisqa yuk boʻlimi va aerodinamikani yaxshilovchi orqa «sail» elementi.
Yana bir omil esa elektromobillarga nisbatan umumiy ehtiyotkorlik. Potensial xaridorlar yurish zaxirasi, quvvatlash infratuzilmasi va tirkama tortish paytida batareyaning tezroq tugashi kabi masalalardan xavotir olmoqda. Biroq TechCrunch bu xavotirlarning hammasi ham hal qiluvchi emasligini taʼkidlaydi.

Masalan, Silverado EV LT Extended Range versiyasi bir quvvat bilan 410 mil yuradi va taxminan $71 ming turadi. AQShda toʻliq oʻlchamli pikap xaridorlari oʻrtacha $66 ming sarflashini inobatga olganda, narx farqi juda katta emas.
Tirkama tortish masalasida ham vaziyat shunday. Strategic Vision maʼlumotlariga koʻra, toʻliq oʻlchamli pikap egalarining qariyb 75 foizi yiliga koʻpi bilan bir marta tirkama tortadi. Shu bois bu omil koʻpchilik xaridorlar uchun asosiy toʻsiq boʻlmasligi kerak.
TechCrunch xulosasiga koʻra, GM va boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar pikap bozorining konservativligini yetarlicha baholamagan boʻlishi mumkin. Koʻplab xaridorlar hali ham elektromobil formatidagi pikapga oʻtishga shoshilmayapti.
GM kelajakda Silverado EVʼni arzonlashtirishi mumkin. Kompaniya yangi batareya kimyosini joriy etish orqali xarajatlarni qariyb $6 mingga kamaytirishga umid qilmoqda. Agar bu tejamkorlik yakuniy narxda ham aks etsa, Silverado EV benzinli pikaplar bilan raqobatda kuchliroq pozitsiyaga ega boʻlishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Silverado 2027 ilk bor koʻrinish bergani haqida xabar bergan edi.