Yangiliklar

JCh: Kolumbiya Gana ustidan g‘alaba qozonib, 1/8 finalga chiqdi

Uchrashuv 1:0 hisobida Kolumbiya foydasiga yakunlandi
Foto: X

2026-yilgi Jahon chempionatining 1/16 final bosqichida Kolumbiya terma jamoasi Gana ustidan minimal hisobda g‘alaba qozondi.

AQShning Kanzas shahridagi Arrowhead stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:0 hisobida Kolumbiya foydasiga yakunlandi. Yagona gol 14-daqiqada Jon Arias tomonidan kiritildi. U Luis Suaresning qanotdan uzatgan to‘pini darvozaga yo‘llab, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi.

Ikkinchi bo‘limda Kolumbiya hisobni oshirishi mumkin edi. 56-daqiqada Luis Dias raqib darvozasini ishg‘ol qildi, biroq vaziyatda offsayd qayd etilgani sababli gol inobatga olinmadi.

Uchrashuv davomida Kolumbiya tashabbusga ega bo‘ldi va bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi. Gana esa raqib darvozasi tomon aniq zarba yo‘llay olmadi.

Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya guruh bosqichida O‘zbekiston va Kongo DR ustidan g‘alaba qozongan, Portugaliya bilan esa golsiz durang o‘ynagan holda K guruhida birinchi o‘rinni egallab, pley-offga chiqqan edi.

Gana esa Angliya, Xorvatiya va Panama joy olgan H guruhida eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatoridan joy olib, 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Endi Kolumbiya 1/8 finalda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Argentina dramatik bahsda Kabo-Verde ustidan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.