Yangiliklar

Sergeli va Yangihayot aholisini qiynayotgan badbo‘y hid muammosi hal qilinadi

1-sentabrgacha
Foto:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosini 1-sentabrgacha bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

4-iyul kuni davlat rahbari raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisi uchun dolzarb bo‘lib kelayotgan masalalardan biri – suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid ekani qayd etildi. Mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, muammoni bartaraf etish topshirildi.

Shuningdek, kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanishi ma’lum qilindi. Bu Sergelidagi mavjud suv tozalash inshootiga tushayotgan yuklamani kamaytirishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda Toshkentda jamoat joylari, ko‘chalar, xiyobonlar va bog‘lardagi tozalik masalasi ham tanqidiy tahlil qilindi. Davlat rahbari bu masala oddiy ko‘rinsa-da, aslida madaniyat va qadriyat bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun jamoat hojatxonalari yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15 – 20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.

Sergelida transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari ham belgilandi. 2026-yilda tumanning asosiy 23 kilometr yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqiladi, chorrahalarga 455 ta «aqlli» svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanadi va 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi.

Kelasi yili Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurilishi rejalashtirilgan. Bu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi.

Shuningdek, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Sergeli ko‘chasida 18,7 mlrd so‘mlik savdo va xizmat ko‘rsatish hududi barpo etilgani haqida xabar bergan edi.