Yangiliklar

Sergelida 30 mln dollarlik xususiy tibbiyot markazi ish boshladi

Yiliga 150 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan Global International Hospital xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.

Markazni barpo etish uchun $30 mln investitsiya yo‘naltirilgan. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasa yiliga 150 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Yillik xizmatlar hajmini 15 mlrd so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari markazdagi jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, shuningdek, situatsion markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Markaz jamoasida xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ortiq mutaxassis va chet ellik shifokorlar faoliyat yuritadi.

Tibbiyot markazi Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Xususan, muassasaga Philips kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.

Prezident markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlat rahbari tibbiy xizmatlarni turizm sohasi bilan uyg‘unlashtirish zarurligiga ham e’tibor qaratdi.

– «Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak«, — dedi davlati rahbari.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Sergeli ko‘chasida 18,7 mlrd so‘mlik savdo va xizmat ko‘rsatish hududi barpo etilgani haqida xabar bergan edi.