Yangiliklar

Sindorov AQShdagi xotira turnirida g‘olib bo‘ldi

Daniel Naroditskiy xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada
Foto: chess24

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQShda ilk bor o‘tkazilgan Daniel Naroditskiy xotira turnirining rapid yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.

Amerikalik grossmeyster va strimer Daniel Naroditskiy xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada Sindorov yetti tur yakuniga ko‘ra 6 ochko jamg‘ardi va hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan birinchi o‘rinni bo‘lishdi.

G‘olib nomi blits tay-breykda aniqlandi. Unda Sindorov Chitambaramni har ikki partiyada ham mag‘lub etib, 2:0 hisobida zafar quchdi.

Turnir davomida o‘zbekistonlik shaxmatchi Shelev Oberoi, Niko Chasin, Mark Hayman, Robert Hess, Dariush Sverch, Oydin Sulaymonli va Aravind Chitambaram ustidan g‘alaba qozondi. Uning musobaqadagi yagona mag‘lubiyati amerikalik grossmeyster Endi Vudvordga qarshi bahsda qayd etildi.

G‘alabadan so‘ng Sindorov turnirning o‘zi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

«Men bu yerga shunchaki Daniel xotirasi uchun shaxmat o‘ynashga keldim va bu menga juda yoqdi. Hammasi ajoyib bo‘ldi. Umid qilamanki, bu turnir har yili o‘tkaziladi», – dedi u.

Sindorovning aytishicha, Naroditskiy shaxmat olamidagi eng samimiy insonlardan biri bo‘lgan. U amerikalik grossmeyster bilan turli formatlarda mingdan ortiq partiya o‘ynaganini ham qayd etdi.

Foto: Instagram / Javohir Sindorov

Daniel Naroditskiy tezkor shaxmat bo‘yicha dunyoning kuchli ustalaridan biri sifatida tanilgan. U 2007-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati, 2013-yilgi AQSh yoshlar chempionati va 2025-yilgi AQSh blits chempionatida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, YouTube va Twitch’dagi ta’limiy videolari hamda sharhlari orqali keng auditoriyaga ega edi.

Ma’lumot uchun, Naroditskiy 2025-yil 19-oktabr kuni 29 yoshida vafot etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindorov Magnus Karlsenni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.