
4-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida Oman Air aviakompaniyasining Maskatdan amalga oshirilgan ilk muntazam reysi kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ummon milliy aviakompaniyasining Maskat – Toshkent yoʻnalishidagi birinchi reysi soat 04:01 da Toshkent aeroportiga qoʻndi. Aviatsiya an’analariga koʻra, havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi.
Yangi yoʻnalish ishga tushirilishi bilan Oman Air Maskat va Toshkent oʻrtasida muntazam toʻgʻridan toʻgʻri parvozlarni amalga oshirishni boshladi. Reyslar haftasiga uch marta – seshanba, juma va shanba kunlari Boeing 737 samolyotlarida bajariladi.
Uzbekistan Airports tijorat departamenti rahbari Timur Xalilovning ta’kidlashicha, Toshkent va Maskat oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri reyslar turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, Oʻzbekiston hamda O‘mon oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uning soʻzlariga koʻra, yangi yoʻnalish yoʻlovchilarga Maskat orqali Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Yevropaning yirik shaharlariga qulay tranzit imkoniyatlarini ham taqdim etadi.
Oman Air O‘monning milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. U Maskat xalqaro aeroportida bazalashgan boʻlib, keng xalqaro yoʻnalishlar tarmogʻi boʻyicha parvozlarni amalga oshiradi. Aviakompaniya oneworld global aviatsiya alyansi a’zosi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Ammon oʻrtasida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergan edi.