
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Ittifoq mahallasida joylashgan Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Loyiha doirasida ko‘chaning 2,1 kilometrlik qismida infratuzilma yangilanib, hudud savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kun-u tun faoliyat yuritadigan maskanga aylantirildi. Loyihaning umumiy qiymati 18,7 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Hududda 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilgan. Shuningdek, aholining dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni va nuroniylar maskani barpo etildi.
Yangi Sergeli ko‘chasi atrofidagi to‘rtta mahallada 21 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ko‘chadan kuniga o‘rtacha 15–20 mingta avtomobil harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha natijasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. Shuningdek, 95 ta mavjud tadbirkorlik subyekti faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Davlat rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, mahalla faollari va fuqarolar bilan muloqot qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Tbilisida Gruziya qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirgani haqida xabar bergan edi.