
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka kreditining dastlabki badalining bir qismini qoplab berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda hukumat qarori e’lon qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, O‘zbekistonning istalgan hududidan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti asosida uy sotib olishi mumkin.
Ariza qanday topshiriladi
Subsidiya olish istagidagi fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin.
Kimlar subsidiya olishi mumkin
Ariza beruvchilar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
- davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi.
G‘oliblar qanday aniqlanadi
Subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta beriladi.
Tanlov onlayn tarzda o‘tkaziladi. Belgilangan mezonlarga to‘liq javob bergan nomzodlar orasidan har chorakda ajratilgan kvota doirasida 125 nafar g‘olib tasodifiy tanlash tizimi (random.org) orqali aniqlanadi.
Subsidiya ajratilgani haqida xabarnoma olgan fuqarolar uy-joyni ipoteka krediti asosida xarid qilish uchun qurilish tashkiloti bilan dastlabki shartnoma tuzadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonati mexanizmi joriy etilgani haqida yozgandi.