Sport

JCh. Marokash Jahon chempionati chorak finaliga yo‘llanma oldi

Foto: FIFA.com

Jahon chempionatining 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan bahsda Marokash terma jamoasi Kanada vakillarini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuv qahramoniga aylangan Azzedin Ounaxining dubli jamoasini musobaqaning chorak finaliga olib chiqdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi o‘ta ehtiyotkorona va shiddatli kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Hakam tomonidan tez-tez ko‘rsatilgan sariq kartochkalar o‘yin tempiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Marokash va turnir mezbonlari safidan to‘rttadan, jami sakkizta futbolchi qoidabuzarlik uchun ogohlantirildi.

Foto: FIFA.com

Ikkinchi taymda uchrashuvdagi burilish nuqtasi yuz berdi. 50-daqiqada Ashraf Hakimining aniq uzatmasidan so‘ng Azzedin Ounaxi raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni ochdi — 1:0.

Foto: FIFA.com

Gol o‘tkazib yuborganidan so‘ng, Kanada vaziyatni o‘nglash uchun bor kuchini hujumga tashladi. Raqibning ommaviy tarzda oldinga o‘tib ketganidan unumli foydalangan marokashliklar 82-daqiqada tezkor qarshi hujum uyushtirdi. Braim Diazning ajoyib uzatmasini golga aylantirgan Azzedin Ounaxi o‘zining dublini rasmiylashtirdi.

Foto: FIFA.com

Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Sufian Rahimi hisobni yiriklashtirib qo‘ydi — 3:0. Ma’lumot uchun, ushbu juftlik g‘olibi hisoblangan Marokash chorak finalda Paragvay hamda Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Kanada esa musobaqa bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv nashri Argentina dramatik bahsda Kabo-Verde ustidan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.