
Mashhur «Forsaj» franshizasining yakuniy qismi — «Forsaj abadiy» (Fast X: Part 2 / Fast Forever) filmini suratga olish ishlari rasman boshlandi. Bu haqda bosh rol ijrochisi Vin Dizel ma’lum qildi.
Premyera 2028-yilga rejalashtirilgan
Franshizaning 11-qismi bo‘ladigan film 2028-yil 17-mart kuni kinoteatrlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Mazkur kartina 2001-yilda boshlangan afsonaviy «Forsaj» filmlar turkumiga yakun yasaydi.
Vin Dizel muxlislarga murojaat qildi
Aktyor suratga olish maydonchasidan murojaat qilib, jamoa so‘nggi uch yarim yil davomida final qismni munosib yakunlash uchun tinimsiz mehnat qilganini aytdi. Shuningdek, u franshiza muxlislariga ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirdi.
Film ilk qismlardagi ruhga qaytadi
Yakuniy film ssenariysi Maykl Lesli tomonidan yozilmoqda. Ma’lum qilinishicha, yangi kartina franshizaning ilk qismlaridagi muhitga qaytib, ko‘cha poygalari va avtomobil madaniyatiga yana asosiy e’tibor qaratadi.
«Forsaj» olami kengayishda davom etadi
Asosiy franshiza yakunlanayotganiga qaramay, uning olami rivojlanishda davom etadi. Hozirda «Forsaj» koinoti asosida to‘rtta serial ishlab chiqilmoqda. Ulardan biri Peacock platformasida namoyish etilishi rejalashtirilgan, qolgan loyihalar esa turli bosqichlarda ishlab chiqilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Forsaj» franshizasi asosida 4 ta serial suratga olinishi haqida yozgandi.