Yangiliklar

O‘zbekistonda ortda qolgan hafta qanday yakunlandi

29-iyun va 5-iyul davomida
гостиница «Ташкент»
Foto: Lotte Hotel – Tashkent

Kursiv Uzbekistan 29-iyun va 5-iyul davomida O‘zbekiston va xorij maydoniyda yuz bergan yangiliklarni eng muhimlarini bir joyga jamladi.

Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaydi

Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaydi
Foto: Chevrolet

General Motors kompaniyasi Braziliyada Chevrolet Onix 1.0 modeli uchun maxsus chegirma e’lon qildi. Kompaniya rasmiy taklifiga ko‘ra, avtomobilning boshlang‘ich narxi 103 890 realdan 84 190 realgacha tushirilgan.

Chegirma Onix 1.0 mexanik uzatmali versiyasiga tegishli. Gap 2026/2027 model yili, Branco Summit oq rangdagi avtomobil haqida bormoqda. Taklif Chevrolet’ning Braziliyadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo segmenti doirasida, xususan, taksi yo‘nalishi uchun amal qiladi.

Elektr ta’minoti tizimida noqonuniy holatlar aniqlandi

Elektr ta’minoti tizimida noqonuniy holatlar aniqlandi
Foto: DXX

Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimi bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali Sho‘rchi tumani bo‘limi muhandisi xizmat mavqeyini suiiste’mol qilgan. U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga $1 ming talab qilgani aytilmoqda.

Raqamlar oshdi: Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda

Raqamlar oshdi: Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda
Foto: iStock

Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq ortiqcha o‘lim holati bilan bog‘lanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha o‘lim holatlari qayd etilgan.

Uning ta’kidlashicha, issiq urishi ko‘pincha «jim qotil» deb ataladi, chunki Yevropadagi uylar, ish joylari va maktablar bunday yuqori haroratga moslashtirilmagan. Tedros Yevropa Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan qit’a ekanini, u global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq qiziyotganini qayd etdi.

AQSh va Eron zarbalarni to‘xtatishga kelishdi — Axios

AQSh va Eron zarbalarni to‘xtatishga kelishdi — Axios
Foto: Getty Images

AQSh va Eron bir-biriga qarshi zarbalarni to‘xtatishga kelishib oldi. Axios nashrining AQShdagi yuqori martabali rasmiyga tayanib yozishicha, tomonlar shu hafta Qatarning Doha shahrida uchrashib, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi kelishmovchiliklarni muhokama qiladi.

AQSh rasmiysining aytishicha, tomonlar «barcha kinetik faollikni» to‘xtatishga qaror qilgan. Harbiy terminologiyada bu ibora zarbalar va boshqa hujumkor harakatlarni anglatadi. Muzokaralar seshanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

O‘FA Katanets davrida boshqa murabbiyga taklif yuborgani aytilmoqda

O‘FA Katanets davrida boshqa murabbiyga taklif yuborgani aytilmoqda
Foto: Instagram

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 2024-yil noyabr oyida milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun germaniyalik mutaxassis Yurgen Klinsmannga shartnoma taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, o‘sha vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasini Srechko Katanets boshqarayotgan bo‘lgan. 2024-yil noyabr oyidagi o‘yinlardan so‘ng Katanets Toshkentga kelib, jamoaning 2025-yil mart oyidagi uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasini tasdiqlagan. Shuningdek, u terma jamoada qolishini va boshqa joyga ketish niyati yo‘qligini bildirgan.

Eldor Shomurodovning goli eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi

Eldor Shomurodovning goli eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi
Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning Jahon chempionati guruh bosqichida urgan goli FIFA tomonidan eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi. Tashkilot 2026-yilgi mundialning guruh bosqichidagi eng yaxshi goliga nomzod futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Nomzodlar orasida Shomurodovdan tashqari Lionel MessiKilian MbappeVinisius JuniorJovanni ReynaIsmoil SaybariFeliks NmechaElayja JastKevin PinaKerim AlaybegovichUilson Isidor va Daydzen Maeda ham bor. G‘olib muxlislar ovozi orqali aniqlanadi.

O‘zbekiston yil boshidan buyon 24 tonna oltin xarid qilib, dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi

Jahonda oltin narxi ilk bor 5,2 ming dollardan oshdi
Foto: The Rising Nepal

O‘zbekiston 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida sof hisobda 24 tonna oltin xarid qilib, markaziy banklar orasida oltin zaxiralarini eng ko‘p oshirgan davlatlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlari e’lon qilindi.

Oltin zaxiralari 414 tonnaga yaqinlashdi

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon amalga oshirilgan xarid va sotuvlar yakunida mamlakatning sof oltin xaridi 24 tonnani tashkil etgan.

O‘zbekistonda aholisi eng kam hududlar qaysi

Сколько дней отдохнут узбекистанцы на День памяти и почестей
Foto: Far Chinberdiev / Unsplash

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam hudud G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Shaharda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Undan keyingi o‘rinlarda Tomdi tumani va Shirin shahri qayd etilgan.

Aholini ro‘yxatga olish dastlabki natijalari e’lon qilindi: mamlakat aholisi 39 mlndan oshdi

Aholini ro‘yxatga olish dastlabki natijalari e’lon qilindi: mamlakat aholisi 39 mlndan oshdi
Manba: Kursiv Uzbekistan

Toshkentda 2026-yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalarini e’lon qilishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Taqdimotda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatning demografik holati, hududlar rivoji, ijtimoiy infratuzilma va iqtisodiy rejalashtirish uchun muhim statistik asos bo‘lib xizmat qiladi.

Aholini ro‘yxatga olish: umumiy xarajatlar 4,68 million dollarni tashkil etdi

Aholini ro‘yxatga olish: keng umumiy xarajatlari 4,68 million dollarni tashkil etdi
Foto: Unsplash

O‘zbekistonning zamonaviy tarixdagi ilk aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish kampaniyasi budjetga $4,68 mlnga tushdi. Tashkiliy bosqichning asosiy iqtisodiy samarasi raqamli hisobga olish ishlarining bir kishiga to‘g‘ri keladigan past tannarxi bo‘ldi, deb ma’lum qildi Milliy statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarma boshlig‘i Jahongir Qambarov.

Mas’ul xodimning so‘zlariga ko‘ra, bir kishini ro‘yxatga olish xarajatlari atigi 12 sentni tashkil etgan. Shu bilan birga, e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, respublika aholisining umumiy soni 39 047 321 nafarga yetgan.

Valeriy Kim Freedom Holding moliyaviy direktor etib tayinlandi

Freedom Holding Corp. Valeriy Kimni moliyaviy direktori (CFO) lavozimiga tayinlaganini e’lon qildi. Bungacha u kompaniyada moliya boʻyicha vitse-prezident lavozimida ishlagan va Freedom Holding Operations LLP shoʻba kompaniyasini boshqarib kelgan.

Kim bu lavozimda 2015-yildan buyon moliyaviy direktor boʻlib ishlab kelgan Yevgeniy Lerning oʻrnini egalladi. Ler esa kompaniyada bosh ijrochi direktor Timur Turlovning maxsus maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Yangi lavozimida u moliyalashtirishni jalb qilish hamda qoʻshilish va qoʻshib olish bitimlari – M&A masalalarini nazorat qiladi.

Toshkentda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida yangi xavfsizlik tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda

Toshkent shahrida tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyida RRFB tizimi sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil qilish markazi xabar berdi.

Mazkur tizim Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Osiyo koʻchasida oʻrnatilgan. U yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar va yangi turdagi faol yoʻl belgilari bilan uygʻunlashtirilgan. Loyiha Oʻzbekiston yoʻl infratuzilmasida RRFB yondashuvini pilot tartibda joriy etish boʻyicha ilk tashabbuslardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Toshkent va Andijonda kadastr bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi

Toshkent shahri va Andijon viloyatida kadastr tizimi bilan bog‘liq ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

O‘tkazilgan tadbir davomida Kadastr agentligining Yashnobod tumani bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali $2 ming olgan vaqtida ushlandi. Ma’lum qilinishicha, u xizmat mavqeyidan foydalangan holda mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzib tashlamaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga pul talab qilgan.

FIFA chiptalarining qayta sotilishiga taqiq qo‘yish vakolatimiz yo‘q — O‘FA

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Jahon chempionati chiptalari bo‘yicha tarqalgan savollarga javob berib, chiptalar savdosi FIFA tomonidan faqat rasmiy onlayn platformalar orqali bir necha bosqichda amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga rasmiy izoh berildi.

Assotsiatsiya ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun uyushgan muxlislar sektoriga jami 14 073 ta chipta ajratilgan. Shundan 8 064 tasi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari tomonidan FIFA platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilingan.

Qolgan 6 009 ta chipta esa O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Professional futbol ligasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari, futbol klublari, futbolchilar va ularning oila a’zolari, markazlashgan muxlislar jamoasi, sport tashkilotlari, davlat idoralari, homiylar hamda AQShdagi vatandoshlar nomidan faoliyat yurituvchi «Mahalla USA» tashkiloti uchun oldindan buyurtma asosida taqsimlangan.

O‘zbekistonning tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi

2026-yilning I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Regulyatorga ko‘ra, davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdga, korporativ tashqi qarz esa $41,7 mlrdga teng bo‘ldi. Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, to‘lovlar xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev Tbilisida Gruziya qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga davlat tashrifi doirasida 3-iyul kuni Tbilisi shahridagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari Gruziya birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi.

Trend pista brendi ishlab chiqaruvchisiga moliyaviy jarima qo‘llanildi

Raqobat qo‘mitasi Trend brendi ostida pista mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi «Oziq-ovqat standart karton» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bunga kompaniyaning reklama materiallarida qonun talablarini buzganligi sabab bo‘lgan.

Murojaat Mega brendi ishlab chiqaruvchisidan kelib tushgan

Tekshiruvga Mega brendi ostida pista mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaning murojaati asos bo‘ldi. Unda Trend brendining ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarida o‘z mahsulotini Mega mahsulotidan ustun qilib ko‘rsatadigan, shuningdek, raqobatchi brendning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tasvir va ifodalardan foydalanilgani qayd etilgan.

4 – 6-iyul kunlari 9 ta viloyatda sel-suv toshqini xavfi bor

«O‘zgidromet» 4 – 6-iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Unga ko‘ra, noqulay ob-havo Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tumanlarida kuzatilishi mumkin.

AI-92 benzin narxi birjada tonnasi uchun qariyb 14 mln so‘mga chiqdi

AI-92 benzinining birjadagi o‘rtacha narxi (tonna uchun) 26-maydan 30-iyungacha 1,3 mln so‘mga yoki 10,6 foizga oshdi. 1-iyul kuni esa AI-92 markalari bo‘yicha narxlar tonnasi uchun 13,96 mln so‘m atrofida shakllandi.

1-iyul kungi birja savdolari yakuniga ko‘ra, oddiy avtobenzin A-92 bo‘yicha o‘rtacha narx 13,962 mln so‘m/tonnani tashkil etdi. Bu avvalgi savdoga nisbatan 81,1 ming so‘mga yoki 0,6 foizga yuqori.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar reytingi qanday o‘zgardi

O‘zbekistonlik besh nafar shaxmatchi Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE reytingining kuchli yuztaligidan joy oldi. Yangilangan reytingda Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng kuchli o‘n shaxmatchisi qatorida qolmoqda.

Javohir Sindorov o‘z o‘rnini saqlab, 4-pog‘onada qayd etildi. Nodirbek Abdusattorov esa bir pog‘ona pastlab, 5-o‘rindan 6-o‘ringa tushdi. Shunga qaramay, u hamon Top – 10 safida bormoqda.

«Quyoshli xonadon» ishtirokchilariga aprel-may oylari uchun subsidiya pullari tasdiqlandi

«Quyoshli xonadon» dasturi doirasida quyosh panellarini o‘rnatib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga uzatgan fuqarolarga 2026-yilning aprel va may oylari uchun subsidiya tasdiqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Joriy yilda ushbu to‘lovlardan 60 193 nafar jismoniy shaxs foydalanadi. Ular uchun Davlat budjetidan jami 156 milliard 125 million so‘m ajratilgan.

O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi. Shuningdek, nominal ish haqi 17,4 foizga ko‘tarilgan.

Ishchi kuchiga talab, asosan, xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish sohalarida yuqori bo‘lgan. Bu iqtisodiyotda iste’mol va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari mehnat bozoridagi asosiy drayverlardan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.