Yangiliklar

Toshkentdagi 212 ta avtobus bekati hokimlik balansiga o‘tkaziladi

Bekatlar joylashgan 177 ta yer uchastkasi hokimlikka doimiy foydalanish huquqi bilan rasmiylashtiriladi
Foto: Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi

Toshkent shahrida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan 212 ta avtobus bekati poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov tegishli qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, bekatlar joylashgan 177 ta yer uchastkasi hokimlikka doimiy foydalanish huquqi bilan rasmiylashtiriladi. Bekatlar hududidagi inshootlar esa hokimlik mulkiga o‘tkaziladi.

Ma’lum qilinishicha, hokimlik balansiga o‘tadigan bekat majmualarining umumiy maydoni 8 884 kvadrat metrni tashkil etadi. Ayrim hududlarda bir nechta obyekt rekonstruksiya qilinadi.

Qaysi tumanlarda ko‘proq bekatlar yangilanadi

Rekonstruksiya ishlari eng ko‘p quyidagi tumanlarni qamrab oladi:

  • Shayxontohur — 35 ta bekat;
  • Yunusobod — 26 ta;
  • Chilonzor — 24 ta;
  • Mirzo Ulug‘bek — 22 ta.

Shuningdek, Ippodrom-2, Shuhrat do‘koni, Xalqlar do‘stligi saroyi, Malika bozori, Yunusobod bozori, Gidrometeorologiya markazi, Qo‘yliq-3 va Farg‘ona bozori kabi gavjum hududlardagi bekatlar ham rekonstruksiya qilinadigan obyektlar qatoridan joy olgan.

Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahri hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda birinchi «sport» bekati tashkil etilgani haqida yozgandi.