
Kompakt smartfonlarga bo‘lgan qiziqish pasayib borayotgan bir paytda, yirik ishlab chiqaruvchilar katta ekranli va buklanuvchi smartfonlar ustida faol ishlamoqda. Bu haqda ishonchli insayder Panda is Bald ma’lum qildi.
Vivo va Honor 7 dyuymli smartfonlarni sinovdan o‘tkazmoqda
Insayderning ma’lumotiga ko‘ra, Vivo kichik planshet ishlab chiqish bilan birga, taxminan 7 dyuymli displeyga ega smartfonni ham sinovdan o‘tkazmoqda.
Shunga o‘xshash loyihalar Honor kompaniyasida ham olib borilmoqda. Kompaniya ixcham planshet, katta ekranli smartfon va keng formatli buklanuvchi qurilmalarni ishlab chiqayotgani aytilmoqda.
Xiaomi, Redmi va Oppo ham yangi qurilmalarni tayyorlamoqda
Xabarga ko‘ra, Oppo yangi avlod keng ekranli buklanuvchi smartfon ustida ishlamoqda.
Xiaomi esa navbatdagi buklanuvchi telefonini taqdim etishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, kompaniyaning Redmi brendi 7 dyuymli ekran bilan jihozlangan yangi smartfonni bozorga chiqarishi kutilmoqda.
Huawei ham trenddan chetda qolmaydi
Insayderning ta’kidlashicha, Huawei klassik monoblok korpusida, biroq katta displeyga ega yangi smartfonni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Kichik ekranli smartfonlar davri yakunlanmoqda
Panda is Bald fikricha, ixcham ekranli smartfonlar segmenti deyarli o‘z imkoniyatlarini tugatgan. Shu sababli, 2027-yilda mobil qurilmalar bozoridagi asosiy raqobat katta ekranli smartfonlar va buklanuvchi modellar atrofida kechishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Panda is Bald avval ham Huawei Mate 50 taqdimoti sanasi hamda Xiaomi 13 va Xiaomi 14 modellari ranglari haqidagi ma’lumotlarni oldindan aniq oshkor qilgan insayderlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng kuchli Android smartfonlar reytingi e’lon qilingani haqida yozgandi.