
Xitoyda hissiy muloqot qilishga mo‘ljallangan odamsimon robot-kompanionlar bozori jadal rivojlanayotgani sababli, ushbu yo‘nalishni tartibga solishga qaratilgan yangi tashabbus ilgari surildi. Mazkur tashabbus Xitoy Odamsimon Robotlar Assotsiatsiyasi va Xitoy Mashinasozlik sanoati federatsiyasi tomonidan e’lon qilindi.
Xavfsizlik va axloqiy me’yorlarga alohida e’tibor
Tashabbusga ko‘ra, odamsimon robotlarni loyihalash, ishlab chiqish, reklama qilish va amaliyotga joriy etish jarayonlarida xavfsizlik hamda axloqiy me’yorlar ustuvor bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ishlab chiquvchilarga foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari va maxfiyligini ishonchli himoya qilish, mahsulotlardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash hamda foydalanuvchilarga zarar yetkazish xavfini kamaytirish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilmoqda.
Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga sarmoya oshiriladi
Tashabbusda robototexnikaning asosiy texnologiyalarini rivojlantirish, fundamental ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalarni ko‘paytirish va robotlarni real hayotdagi vazifalarga kengroq joriy etish zarurligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, sanoat, ilm-fan va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradigan ochiq platforma yaratish ham rejalashtirilmoqda. Xitoy bu orqali odamsimon robotlar sanoatining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda his-tuyg‘u bildiradigan robotlar sotuvga chiqqani haqida yozgandi.